Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2024 yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot tahliliy muhokama qilindi.
Hisobotda keltirilishicha, joriy yilning I yarmida mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 567,4 trln so‘mni tashkil etib, 6,4 foizga oshgan. Hisobot davrida ijtimoiy soha xarajatlari uchun Davlat budjetidan 74,1 trln so‘m (umumiy xarajatlarning 49,5 foizi) yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,1 trln so‘m ko‘p mablag‘ ajratilgan. Ta’lim sohasining barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish borasidagi islohotlar davom ettirilishi natijasida ijtimoiy soha xarajatlarining asosiy qismini (50,3 foizini) tashkil etgan ta’lim tizimi muassasalarini saqlash va ularni rivojlantirish xarajatlariga Davlat budjetidan 37 224,6 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.
Ta’kidlash joiz, jahonda iqtisodiy tanglik va ziddiyatlar davom etayotgan bir paytda mamlakatimizda yuqori ijobiy o‘sish sur’atlari kuzatilib, davlatimiz tomonidan aholini ijtimoiy himoya qilish, iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilishi, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Davlat budjetining ijtimoiy yo‘naltirilganligi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi dasturiy maqsadlariga to‘liq mos keladi. Hisobot davrida budjet xarajatlarining aksariyat qismi partiyamiz dasturiy maqsadlari bilan bog‘liq masalalar, ya’ni ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilib o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16 foizga ortganligi hamda Davlatning fuqarolar oldidagi majburiyatini bajarishga qaratilganligi qayd etildi.
Hukumat tomonidan soliq ma’murchiligi bo‘yicha ijobiy ishlar amalga oshirilgani, soliq tushumlarining ortishi soliq stavkalarini ko‘paytirilishi emas, balki soliq to‘lovchilar sonining ortishi hisobiga amalga oshayotgani ham e’tirof etildi.
Lekin, shu bilan bir qatorda Budjet ijrosi bo‘yicha muhokamalar jarayonida ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan mablag‘larning samarali sarflanishi masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Fraksiya a’zolari tomonidan qator fikr-mulohaza va takliflar bildirildi.
Birinchidan, budjet daromad qismini ko‘paytirishda norasmiy sektorda faoliyat olib borayotgan fuqarolar daromadlarini legallashtirish muhim manba hisoblanadi. Bu borada hukumat qanday aniq choralar ko‘rayotgani, qanday real natijalarga erishilayotgani haqida tegishli ma’lumotlar taqdim etilmagan.
Ikkinchidan, fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini rivojlantirishga hamda ta’lim tizimini isloh qilishga Davlat budjetidan katta mablag‘lar ajratilmoqda. Lekin ularni maqsadli ishlatishda ayrim muammolar ko‘zga tashlanmoqda.
Xususan, ichki audit xizmatlari tomonidan o‘tkazilgan audit tadbirlarida, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining xarajatlar smetasi va shtatlar jadvali tuzilishini o‘rganish natijasida 246,5 mlrd so‘mlik, Sog‘liqni saqlash vazirligida esa 98,4 mlrd so‘mlik samarasiz xarajatlar aniqlangan.
Fraksiya Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosidagi kamchiliklarni kelgusida bartaraf etish maqsadida hukumatdan, mana shunday kamchiliklarni aniqlash hamda ularni qisqa vaqtda bartaraf etish bo‘yicha mutasaddi vazirliklar ta’sirchan choralarini ko‘rishini so‘raydi.
Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi 2024 yil birinchi yarim yillik ijrosi yakunlari bo‘yicha Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni qo‘llab-quvvatlaydi hamda barcha deputatlarni ma’qullab ovoz berishga chaqiradi.