Ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi

 

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya a’zolari «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risidagi Qonun loyihasini 2-o‘qishda muhokama qilishdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson sha'ni va qadr-qimmatini oshirish va himoyalash yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya qabul qilinib, natijada inson huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yanada faollashdi, inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro standartlar milliy qonunchilikka implementatsiya qilindi hamda davlat organlarining huquqni muhofaza qilish faoliyatiga tatbiq etildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquqlariga taalluqli konstitutsiyaviy normalar 3 baravardan ortiq ko‘paydi va 50 dan ortiq moddani tashkil etdi.

Ushbu Qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini tartibga solishdan iborat bo‘lib, 8 bob, 57 ta moddadan iborat.

Qonun loyihasi bilan Ombudsman faoliyatining huquqiy asoslari, Ombudsmanning asosiy vazifalari, huquqlari, majburiyatlari va faoliyatining kafolatlari, Ombudsmanning asosiy vazifalari kabi normalar takomillashtirilmoqda.

Fraksiya a'zolari Qonun loyihasi bilan tanishar ekanlar uning muhimligini, inson huquqlarini himoya qilishda Ombudsmanning o'rni alohida ahamiyatga ega ekanini ta'kidlashdi. Qonun loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar almashinib, deputatlar tomonidan takliflar bildirildi. Qonun loyihasi moddama-modda muhokama qilingach, fraksiya a'zolari tomonidan ma’qullandi.

Yig‘ilishida shuningdek, Ipoteka krediti bozori yanada rivojlantirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida qonun loyihasi muhokama qilindi. Ushbu Qonun bilan «Ipoteka to‘g‘risida"gi, «Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida"gi, «To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga ipoteka munosabatlariga elektron garov xatini joriy etish, u bilan ta’minlangan majburiyatlarni bajarish, u bo‘yicha huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish va uning foydalanish bo‘yicha boshqa mexanizmlarni belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonun ipoteka garov xatlari aylanmasini yanada rivojlantirish, aholiga berilgan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratish, ipoteka kreditini berishning zamonaviy bozor tizimini shakllantirishga xizmat qilishini inobatga olib, deputatlar tomonidan ma’qullandi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish