Sherzod SHERMATOV,
raqamli texnologiyalar vaziri:
– Guvohi bo‘ldikki, bugungi yig‘ilishda partiyamizning saylov kampaniyasida muvaffaqiyatli ishtirok etishi bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi, istiqbolli rejalar, dasturlar va g‘oyalar o‘rtaga tashlandi. Albatta, mas'uliyatli siyosiy jarayonda munosib qatnashish uchun partiyamiz barcha imkoniyatlarni safarbar etadi, chunki salohiyatni to‘la ishga solish orqali kutilgan natijaga erishish mumkin.
Partiyaning Saylovoldi dasturi bilan tanishar ekanmiz, bu dastur to‘satdan paydo bo‘lib qolgan, aynan shu saylov kampaniyasi uchun o‘ylab topilgan fikrlar majmui emasligini ko‘rish mumkin.
Dastur va shu asosda so‘zlangan nutq Xalq demokratik partiyasining yillar davomida shakllangan, sayqallangan g‘oya va maqsadlarini to‘la o‘zida mujassam etgan.
Saylovoldi dasturidagi barcha yo‘nalishlar, unda belgilangan taklif va tashabbuslar mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi uchun xizmat qiladigan asosiy vazifalar hisoblanadi. Ayniqsa, undagi quyidagi vazifalar e'tiborimni tortdi.
Xususan, maktablar o‘quv dasturlarida chet tillar va IT bo‘yicha o‘quv soatlarini keskin ko‘paytirish orqali maktab bitiruvchilarining mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish, sun'iy intellekt bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash dasturlarini qabul qilish hamda ushbu sohada o‘qitishni qo‘llab-quvvatlash g‘oyalari bugungi kunda dolzarb ahamiyatga ega. Shuningdek, bolalarning Internet tarmog‘ida xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha milliy strategiyani qabul qilish, kiberxavfsizlik asoslari, jumladan, onlayn firibgarlik, onlayn tahdidlarni aniqlash va ulardan himoya qilish bo‘yicha o‘quv dasturlarini, kutubxonalar faoliyatiga sun'iy intellektni joriy etish bo‘yicha bildirilgan takliflarni ham ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlashiga ishonaman.
Dasturda e'tiborga sazovor yana ko‘plab g‘oyalar ilgari surilgan. Bugungi qabul qilinadigan qarorlarni hamda partiyaning Saylovoldi dasturini qo‘llab quvvatlagan holda, reja va dasturlar doirasidagi barcha tadbirlarning yuqori saviyada, saylov qonunchiligining asosiy tamoyil hamda talablariga mos ravishda o‘tishini ta'minlashga o‘z hissamizni qo‘shamiz.
Zulayho MAHKAMOVA,
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari:
– Yuqorida ta'kidlanganidek, oktabr oyida bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis va mahalliy Kengashlar saylovlarida partiyamizning munosib ishtirokini ta'minlashimiz bugungi kundagi eng muhim siyosiy vazifamizdir.
Saylovoldi dasturida xotin-qizlarning, bolalarning huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan g‘oya va tashabbuslar ham o‘rin olgan.
Gender tenglikning institutsional mexanizmlarini rivojlantirish, ayollarning saylovlarda, siyosiy partiyalar faoliyatida ishtirokini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, davlat organlarida rahbarlik lavozimlarida ayollar uchun 50 foizlik majburiy kvotalarni joriy etish belgilangan.
Shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan bolalar va xotin-qizlar ruhiyati hamda kelgusi hayotiga salbiy ta'sir ko‘rsatishini inobatga olgan holda, ular haqidagi ma'lumot, rasm, videolarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishni taqiqlash masalasiga urg‘u berilgan.
Yana bir muhim tashabbuslardan biri, homilador va qaramog‘ida voyaga yetmagan bolalari bor ayollarga masofaviy ishlash imkoniyatlarini kengaytirish orqali qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish masalasi bo‘lib, bu xotin-qizlarimizning mehnat sohasidagi huquqlarini ta'minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Umuman olganda, partiya tomonidan ilgari surilayotgan g‘oya va tashabbuslar jamiyat rivojlanishining barcha jabhasini qamrab olgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ana shu xalqchil dasturimizda belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish uchun saylovlarda bir kuch, bir jamoa bo‘lib harakat qilishimiz lozim.
Elektorat manfaatlarini himoya qilish uchun Oliy Majlisda ham, mahalliy Kengashlarda ham munosib o‘rin egallashimizga ishonaman. Bu jarayonda barchangizga kuch-quvvat, sog‘lik-salomatlik tilab qolaman.
Nazira MATYAQUBOVA,
"Qoraqalpog‘iston tongi" gazetasi bosh muharriri,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati:
– Partiyamiz dasturiy maqsadlari demokratik rivojlangan davlatlar tajribasi hamda mamlakatimizdagi o‘zgarish va yangilanishlardan kelib chiqqan holda takomillashib bormoqda. Ayniqsa, bu yilgi Saylovoldi dasturi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mustahkamlangan "O‘zbekiston - ijtimoiy davlat" tamoyili hamda davlatning tegishli ijtimoiy majburiyatlarini samarali amalga oshirish kabi umummilliy manfaatlar ustuvorligiga asoslangani yaqqol ko‘rinib turibdi.
Xususan, dasturda ijtimoiy tenglik va xalq hokimiyatchiligiga asoslangan demokratik boshqaruvni amalga oshirish tarafdori sifatida partiyamiz tomonidan ochiq, shaffof, xalqchil va demokratik davlat boshqaruvi tizimini joriy etish bilan bog‘liq g‘oyalar o‘z ifodasini topgan. Bunda, eng avvalo, parlamentdagi fraksiyamiz aholining ijtimoiy kayfiyatiga ta'sir ko‘rsatuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining majburiy jamoatchilik muhokamasi va ekspertizasi mexanizmini yaratishni ko‘zlayotgani ijtimoiy himoya tizimini sezilarli darajada o‘zgartiradigan qonunlar va davlat organlarining qarorlari tegishli jamoatchilik roziligisiz qabul qilinmasligini ta'minlaydi.
Mazkur yo‘nalishda "Mening fikrim" platformasini takomillashtirish ilgari surilayotgani ham fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, davlat organlarining mansabdor shaxslari tomonidan fuqarolarga davlat budjeti hisobidan qimmatbaho sovg‘alar hadya qilishni taqiqlash, budjet mablag‘larini samarasiz va maqsadsiz ishlatganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish kabi masalalarning Saylovoldi dasturimizda o‘z aksini topishi jamiyatda "ijtimoiy adolat" tamoyilining barqaror bo‘lishiga xizmat qiladi.
Albatta, Saylovoldi dasturimizdagi xalqchil taklif va g‘oyalar, ezgu maqsad va vazifalar saylov jarayonida partiyamiz hamda nomzodlarimizga ovoz beruvchilar, qo‘llab-quvvatlovchilar-u hayrihohlar ko‘payishiga imkon yaratadi.
Feruza MADRAHIMOVA,
Urganch davlat pedagogika instituti rektori:
– Saylovoldi dasturida jamiyat rivojlanishining barcha sohalariga oid 150 ga yaqin taklif va tashabbuslar jamlanganini, ular bugungi kundagi dolzarb muammolarga yechim bo‘la olishi bilan muhim ekanligini ta'kidlamoqchiman.
Ta'lim sohasi vakili bo‘lganim uchun ushbu yo‘nalishda belgilangan masalalar e'tiborimni tortdi. Umumiy va kasbiy ta'limda aholining barcha qatlamiga teng imkoniyatlar yaratish taklifi bunga misoldir.
Ta'lim tizimida qilinishi zarur bo‘lgan ishlarimiz hali ko‘p. Shu jihatdan dasturda ilgari surilgan tashabbus va g‘oyalar hayotiyligi bilan ahamiyatli.
Saylovoldi dasturida aholining zaif qatlamini ijtimoiy himoya qilishda, avvalo, iqtisodiyotni rivojlantirish zarurligi belgilangan. Shu asosda kam ta'minlangan oilalarga bo‘ladigan ijtimoiy himoyani kuchaytirishga erishish mumkinligi aniq ko‘rsatib o‘tilgan.
Ushbu saylov partiyamizning siyosiy mavqei va imidjini hamda targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirishi uchun imkoniyat. Bunda, avvalo, partiyamiz faoliyatini targ‘ib qilish, nomzodlarimizni siyosiy maydonga olib chiqish, kelgusi besh yillikda partiyamiz qanday g‘oya va tashabbuslarini ilgari surayotgani haqida elektoratimizni, saylovchilarimizni xabardor qiladigan muhitni yaratishimiz zarur.
Aniq va erishish mumkin bo‘lgan maqsadlar odamlarni saylovda faol ishtirok etishga, partiyani qo‘llab-quvvatlashga undaydi. Shu nuqtai nazardan partiya elektorati manfaatlarini himoya qilishga va partiyamiz dasturiy g‘oya va maqsadlarini amalga oshirishga qaratilgan Saylovoldi dasturini qo‘llab-quvvatlayman.
Javlonbek ABDULLAYEV,
Kosonsoy tumani "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi mutaxassisi,
tuman Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi a'zosi:
– Bugungi kunda ham nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘zini to‘laqonli jamiyat a'zosi deb his etishi uchun infratuzilmaning yetishmasligi, malakali tibbiy yordam, ta'lim olish va ish bilan ta'minlashda qiyinchiliklar mavjudligini tan olishimiz kerak. Bizning vazifamiz bu muammolarni hal qilish va nogironligi bo‘lgan shaxslarga boshqalar bilan bir qatorda to‘laqonli hayot kechirish imkoniyatini berishdir.
Milliy qonunchilikni BMTning Nogironlar uchun teng imkoniyatlarni ta'minlash bo‘yicha me'yoriy qoidalariga to‘liq muvofiqlashtirishga erishish vazifasi ushbu yo‘nalishdagi eng asosiy tashabbuslardan hisoblanadi.
Shu bilan birga nogironlar uchun obyektlar va xizmatlarning qulayligi milliy standartlarini ishlab chiqish hamda qonun darajasida mustahkamlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar harakatlanishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, ko‘zi ojizlar uchun elektron axborot eshitish moslamalarini, svetofor va maxsus yo‘laklarda nogiron shaxslarni ogohlantiruvchi ovozli elektron jihozlarni o‘rnatish kabi tashabbuslar jamiyatda to‘siqsiz muhitni shakllantirish imkonini beradi.
Saylovoldi dasturidagi parlament va mahalliy Kengashlarga saylovlarda hamda davlat fuqarolik xizmatida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kvota joriy etish taklifi esa yanada ahamiyatlidir.
Oldimizda saylovlarning muhim va eng qiziqarli jarayoni, ya'ni, saylovoldi tashviqoti turibdi. Yuqorida ta'kidlanganidek, partiya dasturiy maqsadlarini xalqqa yetkazish va ularning ishonchini qozonishda Saylovoldi dasturi muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Saylovoldi dasturi shunchaki hujjat emas, bu xalq bilan tuzgan ijtimoiy shartnomamiz hisoblanadi. Dastur bizning qadriyatlarimiz, majburiyatlarimiz va kelajakka qarashlarimizni aks ettiradi. Uning har bir bandini jamiyat hayotidagi muammolarga aniq javob va ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi, deyish mumkin. Biz xalqimiz bilan birgalikda barchaga munosib kelajakni yaratishga qat'iylik, mas'uliyat va ishonch bilan harakat qilishimiz kerak.
Malika QODIRXONOVA,
Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi:
– Dasturda xalqimizni hozirgi kunda o‘ylantirayotgan dolzarb masalalar bo‘yicha aniq yechimlar kiritilganiga guvoh bo‘ldik. Barcha g‘oyalar faqatgina jamiyat hayotini yaxshilashga, yuksaltirishga qaratilgan.
Har bir inson uchun ijtimoiy tenglik va adolat tamoyillari asosida munosib yashash sharoitini yaratish, ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish, kambag‘allikni qisqartirish, aholini yangi ish o‘rinlari va kafolatli daromad manbai bilan ta'minlash bo‘yicha samarali siyosatni amalga oshirish belgilanmoqda. Unda ish bilan ta'minlanmagan fuqarolar, ayniqsa, ishsiz ayollar sonini kamaytirish, kambag‘allik holatiga tushib qolishining oldini olishga yoki kambag‘allik toifasiga kirib qolgan fuqarolarni undan chiqarishga oid takliflarni alohida e'tirof etish joiz. Yoki bo‘lmasa, "Eng kam iste'mol xarajatlarini belgilash tartibi to‘g‘risida"gi qonunni qabul qilish ham dolzarb ahamiyatga ega.
Umuman, dasturda har jihatdan mukammal va mamlakatimizni kelgusida taraqqiy ettirishga qaratilgan aniq maqsadlar belgilab olingan.
Shuni qayd etish kerakki, saylovning barcha jarayonida partiyamiz tashkilotlari va deputatlik korpusi faol ishtirok etadi. Ko‘zlangan marraga erishish uchun bizda barcha imkoniyat mavjud. Chunki o‘tgan yillar davomida partiyamiz katta siyosiy tajriba to‘plagan.
Bizning partiya targ‘ibot va tashviqot jarayonlarida g‘oya-tashabbuslarini saylovchilarga yetkazish hamda xalq orasiga kirib borish bo‘yicha o‘z strategiyasiga ega. Shunday ekan, Xalq demokratik partiyasi saylovda munosib qatnashishiga ishonchim komil.
Olim RAVSHANOV,
O‘zbekiston XDP Qashqadaryo viloyat Kengashi raisi:
– Partiyamiz ilgari surayotgan g‘oya va maqsadlar ma'lum bir qatlam manfaatlarigagina xizmat qilmaydi, balki barcha uchun birdek manfaatli va muhim. 2019 yilgi Saylovoldi dasturimizda 82 ta g‘oya va maqsad ilgari surilgan edi. Hozirga qadar ularning 70 dan ortig‘i turli darajada amalga oshdi.
Saylovdan keyin 12 asosiy qadam belgilab olingan edi. Mana shu qadamlar doirasida erishilgan ko‘plab yutuqlardan ayrimlarini misol keltiraman. Masalan, minimal iste'mol xarajatlari joriy etildi. Eng kam iste'mol xarajatlari ko‘rsatkichi kambag‘allik mezoni va «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritish uchun asos sifatida qo‘llanib kelinmoqda.
Boshqa bir misol. BMTning "Nogironlar huquqlari to‘g‘risida"gi Konvensiyasi ratifikatsiya qilindi. Bu nogironligi bor yurtdoshlarimizning ta'lim, tibbiy yordam olishi, hayotda o‘z o‘rnini topishi, ish bilan ta'minlanishi, qisqasi, o‘zini jamiyatning to‘laqonli a'zosi deb hisoblashida beqiyos ahamiyatga ega.
Bundan tashqari, fuqarolarga davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Bu narsalar o‘z o‘zidan amalga oshib qolgani yo‘q. Partiyamiz siyosiy kuch sifatida, elektorat manfaatlaridan kelib chiqqan holda dolzarb masalalarni ko‘tarib, qonuniy yechim topilishida muhim o‘rin tutgani natijasi bu. Hali oldimizga qo‘yilgan maqsad-vazifalar esa ko‘p.
Sayyora IMOMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod:
– Ma'lumki, so‘nggi yillarda davlat va jamiyat boshqaruvida xotin-qizlarning rolini oshirish, ularning siyosiy jarayonlardagi ishtirokini yanada faollashtirish maqsadida keng maydon yaratildi.
Siyosiy partiyalar tomonidan Qonunchilik palatasiga deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishda ayollarning ulushi kamida 40 foizni tashkil etishi yoki partiya ro‘yxatidagi ketma-ketlikda kamida har besh nafar nomzodning ikki nafari ayol kishi bo‘lishi lozimligi Saylov kodeksida belgilab qo‘yildi. E'tiborlisi, Xalq demokratik partiyasi a'zolari sonining qariyb 50 foizini ayollar tashkil qiladi. Bu borada ham biz zamon bilan ham, qonunchilik bilan ham har tomonlama hamnafasmiz.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga partiya tomonidan ko‘rsatilgan umumiy 175 nafar nomzodning 47,4 foizini xotin-qizlar tashkil etayotganining o‘zi ham fikrimiz isboti hisoblanadi. Shuning o‘ziyoq biz, ayollarga nisbatan bildirilayotgan katta ishonchning yorqin namunasi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xalq demokratik partiyasi har bir saylovda xotin-qizlarga alohida urg‘u berib kelishi hammaga ayon. Yangi Saylovoldi dasturimizda ham og‘ir ijtimoiy ahvolga tushgan ayollar uchun arzon uy-joylar qurilishini yanada ko‘paytirish, ayollar mehnatiga ixtisoslashtirilgan ishlab chiqaruvchi tashkilotlar qoshida oilaviy maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, homilador va qaramog‘ida voyaga yetmagan bolalari bor ayollarga masofaviy ishlash imkoniyatlarini kengaytirish orqali ularning mehnat sohasidagi huquqlarini ta'minlash uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish kabi vazifalar belgilangan.
Partiyamiz dasturidan o‘rin olgan xotin-qizlar huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan salmoqli tashabbuslar bu sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
"O‘zbekiston ovozi" muxbiri
Zilola UBAYDULLAYEVA yozib oldi.
"O‘zbekiston ovozi", 11.09.2024, №36