Insonparvarlik tamoyiliga ko‘ra
Insonparvarlik tamoyiliga ko‘ra

 

Keksalar hayotini minimal ijtimoiy kafolatlar darajasida ta’minlash har bir davlatning, uning rivojlanganlik darajasidan qat’i nazar, bosh vazifasi hisoblanadi. Xuddi shunday, yurtimizda iqtisodiyotni erkinlashtirishning hozirgi bosqichida faol ijtimoiy siyosatni amalga oshirish yangicha amaliy va samarali shakllarni qo‘llashni taqozo etmoqda. Bu esa aholining ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish hamda jamiyat tabaqalashuvini yumshatishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ehtiyojmand qatlam vakillari qatorida pensionerlarning, yolg‘iz keksalarning to‘laqonli hayot kechirishlarini ta’minlash uchun ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni izchil rivojlantirish nazarda tutilgan. Bunda davlat tomonidan kafolatlangan pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirish, yil sayin safi kengayib borayotgan pensionerlarimiz turmush farovonligini yaxshilash masalasiga alohida urg‘u berilgan.

To‘g‘ri, hozirgi vaqtda aholining demografik xususiyatlarini hisobga olib, ijtimoiy adolat tamoyillari asosida pensiya ta’minoti sohasi tartibga solinmoqda. Shu bilan birga bu tizimda yechimini kutib turgan muammolar ham borki, ularni hal etishda davlat bilan bir qatorda nodavlat institutlar, siyosiy partiyalar tashabbuskor bo‘lishi kerak.

XDP Saylovoldi dasturida pensiya ta’minotini takomillashtirish uchun xaqchil va xalqchil g‘oyalarni taklif qiladi. Xususan, pensiyaga chiqib, kamida besh yil ishlab, daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni to‘lagan pensionerlar uchun muqaddam tayinlangan pensiyani qayta hisoblab, oshirilgan miqdorda tayinlash imkoniyatini berish, yuz yoshdan oshgan nuroniylarimiz uchun “13-pensiya” tizimini joriy etish ijtimoiy himoya talab insonlarga juda katta madad bo‘lib, xalqimizda islohotlardan rozilik hissini oshirishga olib keladi.

Muhimi, hozirda amalda bo‘lgan pensiya yoshini o‘zgartirmasdan saqlab qolish bo‘yicha siyosatni davom ettirishni biz har taraflama maqbul yechim sifatida ko‘rmoqdamiz.

Keksalarga ajratilayotgan moddiy-ijtimoiy yordam mablag‘lari manzilli va maqsadli yetib borishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish esa sohada qonun talablariga so‘zsiz rioya etilishini, shaffoflikni ta’minlashda davlat bilan bir qatorda jamoatchilik ham birdek mas’ul ekanini anglatadi.

 

Dilnoza MURATOVA,

Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilayotgan nomzod.

«O‘zbekiston ovozi», 18.09.2024, №37

 

 

 

 

 

 

Teglar

Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish