Mamlakatimizda qurilishga oid talablar kuchaytirilishini taklif etamiz
Mamlakatimizda qurilishga oid talablar kuchaytirilishini taklif etamiz

 

Bugun O‘zbekistonda 50 mingdan ortiq qurilish kompaniyalari mavjud bo‘lib, ularning soni yiliga 5 000 tagacha ortib bormoqda. Qurilish kompaniyalarining soni oshishi barobarida, qurilish tashkilotlari tomonidan qurilish-shaharsozlik qoidalariga rioya qilmaslik holatlari ro‘y berayotgani ham sir emas. Bundan tashqari, ko‘p qavatli uylar, savdo markazlari qurilishi uchun ko‘plab yashil hududlarning yo‘qotilishi va ularning o‘rni to‘ldirilmayotgani mamlakatimizdagi ekologik holatga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shulardan kelib chiqib, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi o‘z Saylovoldi dasturida qurilishga oid talablarni kuchaytirish g‘oyasini ilgari surmoqda.

Qurilishga oid talablarni kuchaytirish, xususan, yangi turarjoy massivlarini loyihalashda yashil hududlar, maktablar, bolalar bog‘chalari, poliklinika va avtoturargohlarning qurilishini loyihaga majburiy kiritilishi qulay va yashashga yaroqli shahar muhitini yaratishga yordam beradi.

Ijtimoiy infratuzilma (maktablar, bolalar bog‘chalari, tibbiyot muassasalari)ni hisobga olmagan holda yangi turar-joy obyektlarini qurish mavjud obyektlarning ortiqcha yuklanishiga olib kelishi mumkin, bu esa ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va hayot farovonligiga salbiy ta’sir qiladi.

Shu bilan birga, qurilish talablarini kuchaytirish va ijtimoiy infratuzilmaning majburiy hisobga olinishi yangi turar-joylar aholisi uchun maktablar, bolalar bog‘chalari, poliklinikalar va avtoturargohlar kabi muhim obyektlardan teng foydalanish imkoniyatini kafolatlaydi. Yashash joyiga yaqin masofada zarur ijtimoiy obyektlar va yashil hududlarning mavjudligi yangi hududlarda ijtimoiy keskinlikni kamaytirish va hayot sifatini yaxshilashga ko‘maklashadi.

Shuningdek, mazkur talablarni kuchaytirish atrof-muhit barqarorligini ta’minlashga imkoniyat yaratadi. Ya’ni, yashil hududlar yaratilishi ekologik muvozanatni saqlash, havo ifloslanishini kamaytirish va shaharlarda qulay mikroiqlimni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Qurilish jarayonida yashil zonalarni majburiy ravishda barpo etish to‘g‘risidagi me’yorlarning qonun hujjatlarida mustahkamlanishi ekologik vaziyatni yaxshilashga yordam beradi.

Shaharlar ko‘pincha “issiqlik oroli” muammosiga duch keladi, bu ko‘p hollarda zich qurilgan binolar va yashil maydonlarning yetishmasligi natijasida haroratning oshishiga olib kelganda paydo bo‘ladi.

Partiyamiz tomonidan ilgari surilgan tashabbusga asosan yashil maydonlarni qurilish rejalariga kiritish bu ta’sirni kamaytirishga ko‘maklashadi.

 

 

 

 

 

Teglar

Saylov Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish