Saylovlarda hamda davlat fuqarolik xizmatida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kvota joriy etilishi maqsadga muvofiq

  

Joriy yilgi saylovlarda ishtirok etadigan siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlari siyosiy xaritani shakllantirish va mamlakat taraqqiyotining istiqbolli yo‘nalishlarini anglashda muhim vosita hisoblanadi. Ular saylov jarayonida ko‘proq saylovchilarning ovoziga ega bo‘lish nuqtai nazaridan asosiy o‘rin tutadi, saylovchilarning tanloviga ta’sir ko‘rsatadi va saylangan siyosiy kuchlarning kelgusidagi faoliyati uchun yo‘nalishlarni belgilaydi.

Har bir partiya o‘z g‘oyalariga asoslangan holda yaqin kelajakda amalga oshirishni maqsad qilgan tashabbuslarni ilgari suradi.

Xususan, Xalq demokratik partiyasi vakillik organlarida, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun alohida kvota joriy etishni g‘oyasini ilgari surmoqda. Ushbu taklif partiyaning siyosiy maydondagi spektriga monand bo‘lgani barobarida ijtimoiy adolatni ta’minlashni ham ko‘zda tutadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun parlament va mahalliy Kengashlarga saylovlarda, shuningdek, davlat xizmatiga kvotalarning joriy etilishi inklyuzivlik va ijtimoiy tenglik yo‘lida tashlangan muhim qadam bo‘ladi. Bunday yechim nogironligi bo‘lgan shaxslarning siyosiy hayotda va davlat xizmatida ishtirok etishini ta’minlaydi, bu esa, o‘z navbatida, qarorlar qabul qilish jarayonida ularning manfaatlari va ehtiyojlarini hisobga olishga yordam beradi.

Xorijiy mamlakatlar tajribasi tahlili rivojlangan mamlakatlarda ham nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun alohida kvota ajratilganligini ko‘rsatadi. Xususan, Italiya va Fransiyada siyosiy partiyalardan nogironligi bo‘lgan shaxslar nomzodlarini partiya ro‘yxatiga kiritishni talab qiladigan qonun mavjud. Bu parlament va mahalliy hokimiyat organlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning vakilligini oshirishga yordam beradi.

Umuman olganda, parlament va quyi vakillik organlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kvota ajratilishi ushbu shaxslarning ham davlat hamda jamiyat ishlarida ishtirok etishini ta’minlash va ularning faolligini oshirishga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, ilgari surayotgan tashabbuslarimiz partiyamizning raqobatdoshligini oshirishi barobarida bo‘lajak saylovlarning siyosiy partiyalar o‘rtasidagi keskin kurashlar ostida o‘tishini ta’minlaydi.

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Partiya munosabati Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish