Partiya faollaridan iborat volontyorlik guruhlari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari tomonidan yangi Saylovoldi dasturi hamda deputatlikka nomzodlarni keng targ‘ib qilish uchun barcha hududlarda faol targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Ko‘chalarga partiyaning “Har bir inson farovonligi uchun” shiorli bannerlari o‘rnatilib, LED ekranlarda ham namoyish etilmoqda.
Xususan, poytaxtimizdagi G‘afur G‘ulom istirohat bog‘ida maxsus shoxobcha tashkil etilib, dasturdagi taklif va tashabbuslar mazmun-mohiyati tushuntirib berilmoqda. Har bir inson farovonligi, jamiyatimiz ravnaqi yo‘lida kurashayotgan partiyamizning Saylovoldi dasturini qo‘llab-quvvatlashga chaqirib, uning faoliyati va tashabbuslariga oid flayerlar, bukletlar va yangi dastur o‘rin olgan kitobchalar aholiga tarqatilmoqda.
Tarqatma materiallardan tashqari, partiya Saylovoldi dasturidagi eng muhim tashabbuslar, ijtimoiy adolat, ijtimoiy tenglik prinsiplari asosida taklif etilayotgan yangi g‘oyalar, Xalq demokratik partiyasidan deputatlikka ko‘rsatilgan nomzodlar haqida ham saylovchilarga ma’lumotlar berilyapti.
Aholi bilan muloqotlar chog‘ida yurtdoshlarimizni joriy siyosiy jarayonlarga befarq qaramaslik, saylovda faol bo‘lish hamda Xalq demokratik partiyasi nomzodlari, uning dasturi va albatta, partiyaga ovoz berishga chaqirilmoqda.