Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar saylovlari kampaniyasi tobora hal qiluvchi pallaga kirmoqda. Shu kunlarda yurtimiz bo‘ylab ushbu muhim siyosiy tadbirning eng asosiy ishtirokchilari bo‘lgan siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqotini faol olib bormoqdalar.
“Ijtimoiy davlat uchun!” shiori ostida saylovoldi tashviqotini qizg‘in sur’atda olib borayotgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tomonidan ham joylarda asosiy elektorat vakillari ishtirokida yuzma-yuz uchrashuvlar o‘tkazilyapti. Ana shunday uchrashuvlardan biri Nizomiy nomidagi davlat pedagogika universitetida bo‘lib o‘tdi.
Mazmunan yangicha yondashuv va keng qamrovda tashkil etilgan ushbu tadbirda Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi rahbarlari va faollari poytaxtimizdagi maktabgacha ta’lim va umumta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar, tarbiyachi-pedagoglar hamda murabbiylar bilan uchrashdi. Unda 150 nafar soha vakillari bir davraga jam bo‘ldi.
Ta’kidlanganidek, ta’lim davlat va jamiyat taraqqiyotining bosh negizidir. Eng bebaho strategik resurs hisoblangan yosh avlod manfaatini ta’minlash uchun ushbu sohaga ustuvor e’tibor qaratish lozim. Zero, eng istiqbolli sarmoya - bu ta’limga yo‘naltirilgan sarmoyadir.
Biroq, sir emaski, mamlakatimiz ta’lim tizimini bosqichma-bosqich sifat darajasiga ko‘tarishda oldinda qilinadigan vazifalar ko‘p. XDP asosiy elektorati vakillari bilan uchrashuvda ayni shu masalalarga ahamiyat qaratildi. Partiya Saylovoldi dasturida ta’lim tizimini rivojlantirish, sohada mavjud muammolar yechimiga doir taklif va g‘oyalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Xalq demokratik partiyasi yoshlarning sifatli ta’lim olishi tarafdori ekani alohida qayd etildi. Yurtimizdagi har bir bola kelgusida hayotda va jamiyatda o‘rin topadigan shaxs sifatida shakllanishi uchun ta’limning barcha bosqichida aholining hamma qatlamiga teng imkoniyatlar yaratilishi kerakligi aytildi.
Tadbirda partiyaning 2019 yilgi Saylovoldi dasturida ta’lim sohasini rivojlantirish bo‘yicha ilgari surgan tashabbuslari doirasida so‘nggi besh yilda erishilgan salmoqli natijalar sanab o‘tildi.
O‘z navbatida 27 oktabr kuni o‘tishi kutilayotgan mazmunan yangi va texnologik saylovlarning har bir hamyurtimiz hayotida tutgan o‘rni, ahamiyati xususida ham so‘z bordi. Siyosiy uyg‘oq, tashabbuskor, dasturi hayotiy va dolzarb bo‘lgan deputatlikka nomzodlarni saylash saylovchilarning burch va mas’uliyati ekani eslatildi.
Uchrashuvda ta’lim sohasi xodimlari partiyaning faoliyati, dasturiy maqsadlari va galdagi vazifalari haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.