Qashqadaryolik XDP nomzodlari saylovchilar huzurida

 

Har bir fuqaroning turmush sharoiti va sifatini yuqori darajaga chiqarish, aholi o‘rtasida iste’mol xarajatlarida keskin farq bo‘lishiga, ya’ni tabaqalanishga yo‘l qo‘ymaslik, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga davlat tomonidan yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish qadriyatlariga sodiqlik pozitsiyasini namoyon etib kelayotgan Xalq demokratik partiyasi shu kunlarda saylovoldi tashviqot tadbirlarini faollik bilan olib bormoqda. Hududlardagi korxona va tashkilotlarda, ijtimoiy muassasalarda, madaniy-ma’rifiy maskanlarda elektorat vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilyapti. 27 oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy tadbirning ahamiyati, aralash saylov tizimi va partiyaning yangi Saylovoldi dasturi hamda deputatlikka nomzodlar haqida turli shakldagi tarqatma materiallari ulashilmoqda.

Saylovoldi tashviqoti doirasidagi uchrashuvlardan navbatdagisi Qarshi shahridagi “Nuroniylar maskani”da tashkil qilindi. Unda ibratli umr yo‘lini bosib o‘tgan va jamiyatimiz hayotining barcha jabhasida faollik ko‘rsatib kelayotgan partiya tomonidan deputatlikka ko‘rsatilgan nomzodlar 63-saylov okrugidan Farmonov Jasur Boyqarovich, 65-saylov okrugidan Alixanova Malika Boymurodovna, 68-saylov okrugidan Hamrayeva Sayyora Nasimovna, 66-saylov okrugidan Aliqulova Nigora Abdumuratovna shijoat va tetiklikda yoshlarga o‘rnak bo‘lgulik keksa yoshdagi insonlar, shuningdek, turli soha vakillari bilan yuzma-yuz muloqotda bo‘ldi.

Partiyaning dasturiy maqsadlari, tabiiyki, kelgusi besh yilga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturidagi yuzta tashabbus mazmun-mohiyati tadbir kun tartibidan o‘rin oldi. Aholining ijtimoiy ko‘makka ehtiyojmand qatlamlari, jumladan, keksalarning manfaatlarini himoya qilish, jamiyatda rolini oshirish, ularga ijtimoiy xizmat ko‘rsatishni davr talablari asosida rivojlantirish bilan bog‘liq taklif-g‘oyalarga batafsil to‘xtalib o‘tildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda aholi turmush sifatining yaxshilanayotgani, malakali tibbiy xizmat ko‘lami va boshqa qator omillar sabab 60 va undan katta yoshdagi fuqarolar soni yildan-yilga oshib bormoqda. Statistikaga ko‘ra, shu yil boshida doimiy aholi tarkibida 60 yoshdan katta insonlar soni qariyb 3 yarim million kishiga, o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 74,4 yoshga yetdi. Shu nuqtai nazardan XDP o‘z Saylovoldi dasturida pensiya ta’minotini takomillashtirish uchun xalqchil va xalqchil g‘oyalarni taklif qilayotgani e’tirofga loyiq jihatdir. Xususan, pensiyaga chiqib, kamida besh yil ishlab, daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni to‘lagan pensionerlar uchun muqaddam tayinlangan pensiyani qayta hisoblab, oshirilgan miqdorda tayinlash imkoniyatini berish, yuz yoshdan oshgan nuroniylarimiz uchun “13-pensiya” tizimini joriy etish ijtimoiy himoyatalab insonlarga juda katta madad bo‘lib, xalqimizda islohotlardan rozilik hissini oshirishga olib keladi. Hozirda amalda bo‘lgan pensiya yoshini o‘zgartirmasdan saqlab qolish, yolg‘iz keksalar uchun xospislarni ko‘paytirish va buning qonunchilik asosini mustahkamlash, faol qarish bo‘yicha strategiyani joriy etish tashabbuslari ham hayotiy zaruratdir. Bularning bari pirovardida keksalarimizning hayot darajasi yaxshilanishi va ijtimoiy faolligi ortishiga turtki beradi.

Uchrashuvda ishtirokchilar deputatlikka XDPdan ko‘rsatilgan nomzodlarning dasturi yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.

 

 

 

 

 

Teglar

Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish