Toshkent viloyatida nomzodlar saylovchilar yuzma-yuz

 

Shu kunlarda saylovoldi targ‘ibot tadbirlari qizg‘in pallaga kirmoqda. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Toshkent viloyati faollari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari, volontyorlik guruhlari ham faol targ‘ibot tadbirlarini olib bormoqda. Yangiyo‘l shahar Tibbiyot kollejida bo‘lib o‘tgan muloqotda partiyaning yangi Saylovoldi dasturi, nomzodlar saylovchilarga tanishtirildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatni har tomonlama taraqqiy ettirish, xalq farovonligiga erishish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishda saylovlar fundamental ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi uzoq yillik tajribaga ega bo‘lib, yurtimizda o‘tkazilgan barcha saylovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelgan.

Kuchli jamiyatni rivojlantirish, huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta’minlashdek umuminsoniy g‘oyalarga tayangani uchun partiyamiz g‘oyalari har doim dolzarb bo‘lib kelmoqda.

Samimiy muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda partiyaning Saylovoldi dasturidagi eng muhim yo‘nalish, xalq manfaatlari nuqtai-nazaridan ishlab chiqilgan g‘oya va takliflar yig‘ilganlarga tushuntirib berildi. Dasturda davlat va jamiyatni rivojlantirish, huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta’minlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritishga qaratilgan 15 qadamni o‘zida mujassam etgan 100 ga yaqin taklif va tashabbuslar ilgari surilmoqda. Tabiiyki, partiya bosh maqsadidan kelib chiqqan holda doimgidek, ijtimoiy yo‘nalishga, ijtimoiy sohadagi muammolar yechimiga asosiy urg‘uni bergan.

Masalan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning kasalliklari ro‘yxatini kengaytirish, shu orqali doimiy parvarishga muhtoj bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish choralari ko‘rish haqidagi tashabbuslar insoniylik tamoyillariga to‘la mos keladi.

Shuningdek, muloqotda partiya aholining qaysi hududda yashashidan qat’i nazar davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmat olishi, sog‘liqni saqlash tizimini to‘liq raqamlashtirish orqali sohada shaffoflik ta’minlash tarafdori ekani ta’kidlandi. Tibbiy yordam sifati, ayniqsa, kam ta’minlangan aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish tarmog‘ini rivojlantirish borasidagi takliflar ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.

Uchrashuvda saylovchilar ham faol ishtirok etib o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

 

 

 

 

 

Teglar

Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish