Qoraqalpog‘istonliklar partiya g‘oyalarini ma’qullamoqda

 

Shu kunlarda saylovoldi targ‘ibot tadbirlari qizg‘in pallaga kirmoqda. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi faollari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari, volontyorlik guruhlari ham faol targ‘ibot tadbirlarini olib bormoqda. Nukus shahridagi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida bo‘lib o‘tgan muloqotda partiyaning yangi Saylovoldi dasturi, nomzodlar saylovchilarga tanishtirildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatni har tomonlama taraqqiy ettirish, xalq farovonligiga erishish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishda saylovlar fundamental ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi uzoq yillik tajribaga ega bo‘lib, yurtimizda o‘tkazilgan barcha saylovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelgan.

Samimiy muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda partiyaning Saylovoldi dasturidagi eng muhim yo‘nalish, xalq manfaatlari nuqtai-nazaridan ishlab chiqilgan g‘oya va takliflar yig‘ilganlarga tushuntirib berildi. Dasturda davlat va jamiyatni rivojlantirish, huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta’minlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritishga qaratilgan 15 qadamni o‘zida mujassam etgan 100 ga yaqin taklif va tashabbuslar ilgari surilmoqda. Tabiiyki, partiya bosh maqsadidan kelib chiqqan holda doimgidek, ijtimoiy yo‘nalishga, ijtimoiy sohadagi muammolar yechimiga asosiy urg‘uni bergan.

Masalan, sobiq jamoa xo‘jaligi va shirkat xo‘jaligida mehnat faoliyatini yuritgan fuqarolarning mehnat faoliyatlari davrlarini to‘liq yil sifatida inobatga olish haqidagi tashabbuslar ijtimoiy tenglik tamoyillariga to‘la mos keladi.

Uchrashuvda saylovchilar ham faol ishtirok etib o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

 

 

 

 

 

Teglar

Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish