Yo‘l ta’mirlanishi haqida ogohlantirish
Yo‘l ta’mirlanishi haqida ogohlantirish

 

Yildan yilga shaharlarimiz, qishloqlarimiz infratuzilmasi yaxshilanmoqda, yangi yo‘llar barpo etilmoqda. Taraqqiyot, yangilanish, o‘zgarishlar ro‘y berayotgani yaxshi albatta. Lekin tanganing ikkinchi tarafi ham bor.

Ba’zan shunday holatlar bo‘ladiki, ertalab ishga ketayotganimizda yoki bo‘lmasa kechki payt ishdan qaytayotganimizda odatda yuradigan yo‘limizda ta’mirlash ishlari bo‘layotgan bo‘ladi va bu ko‘pchilik uchun noqulayliklar keltirib chiqaradi.

Ya’ni, katta shaharlarda kommunal infratuzilmani yoki yo‘llarni ta’mirlash maqsadida olib boriladigan ishlar aksariyat holatlarda har tomonlama rejalashtirilmasdan tashkil qilinishiga guvoh bo‘lamiz. Bu esa yo‘llarda tirbandliklar va boshqa noqulayliklarni keltirib chiqaradi.

Fuqarolardan ayni shu borada bildirilgan ko‘plab murojaat va shikoyatlardan kelib chiqib, partiyamizning yangi Saylovoldi dasturiga yo‘l ta’mirlanishi haqida aholini oldindan xabardor qilish tashabbusini kiritganimiz mazkur masalaga yechim bo‘la oladi.

Unga ko‘ra yo‘llardagi ta’mirlash ishlari va ularning davomiyligi haqida kamida 10 kun oldin ushbu hududda yashovchi hamda Internet tarmog‘ida e’lon joylashtirish orqali fuqarolarni xabardor qilish shart, degan me’yorni taklif qilayapmiz.

Agar fuqarolar yo‘llarda ta’mirlash ishlari bo‘layotgani haqida oldindan xabardor bo‘lsa, ular boshqa yo‘ldan yuradi. Natijada tirbandliklarda ortiqcha vaqt sarflashning oldi olinadi.

Biz yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash, o‘limlarning oldini olish, tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish lozim, deb hisoblaymiz. Shu maqsadda, partiya yo‘llarda ta’mirlash ishlari olib borilayotganligi haqida ogohlantirish tashabbusi bilan birga:

– jamoat transporti tizimini rivojlantirish, jamoat transporti bekatlarini aholi uchun qulay qilish, ularni noqonuniy, o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlariga qarshi kurashish;

– davlat xizmatchilarini ishga jamoat transportida qatnashishini rag‘batlantirish, shaxsiy transport vositalari davlat raqami toq va juft sonlarini hafta kunlari o‘rtasida taqsimlagan holda harakatlanishini cheklash takliflarini ham ilgari surmoqda.

Dasturimizda bunday hayotiy takliflar juda ko‘p. Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, Xalq demokratik partiyasining dasturi bilan tanishgan har bir saylovchi undagi takliflar, tashabbuslar xalqimizning ko‘nglidagi gaplardan iborat ekanligiga amin bo‘ladi.

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Partiya munosabati Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish