T.Narbayeva: shu sinovli kunlarda odamlarimiz jipslashishining guvohi bo‘lyapmiz
T.Narbayeva: shu sinovli kunlarda odamlarimiz jipslashishining guvohi bo‘lyapmiz

 

Xabaringiz bor, bugun parlament yuqori palatasining uchinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva olib borib, mamlakatimizda koronavirus infektsiyasining oldini olish borasidagi sa’y-harakatlar borasida so‘z yuritdi. 

 - Ma’lumki, dunyo mamlakatlari, shu jumladan, O‘zbekistonda ham koronavirus infektsiyasining jiddiy xavfi munosabati bilan ushbu xatarni tezroq bartaraf etish yuzasidan barcha zarur choralar ko‘rilmoqda, - dedi Senat Raisi. - Avvalo, davlatimiz rahbari tomonidan aholimizning hayoti va salomatligi masalasi birinchi o‘ringa qo‘yilgan bo‘lib, barcha qilinayotgan chora-tadbirlar shaxsan o‘zlarining rahbarligida amalga oshirilmoqda. Bu esa odamlarimizda pandemiyani yengishda bo‘lgan ishonchni mustahkamlab bormoqda.  

Ikkinchidan, barcha mas’ullar bir yoqadan bosh chiqarib ishlamoqda. Hukumatimiz rahbari boshchiligidagi maxsus ishchi guruh 24 soatlik rejimda tegishli tezkor choralarni ko‘rmoqda. Dori-darmon, oziq-ovqat, karantinga olish, tadbirlarni cheklash va boshqalar shular jumlasidandir. Ayniqsa, shifokorlarimiz fidoiylik bilan mehnat qilmoqda.

Uchinchidan, Prezidentimiz tomonidan epidemiya oqibatlarining oldini olishga qaratilgan tarixiy Farmon imzolandi. Uning ijrosi esa yurtimizda iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda olib borilayotgan keng miqyosli islohotlarimizni davom ettirishga, qolaversa, tibbiyot sohasini tubdan qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Bu masala Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida ko‘rib chiqildi, deputat va senatorlar tomonidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

To‘rtinchidan, shu sinovli kunlarda odamlarimiz jipslashishining guvohi bo‘lyapmiz. Yuksak onglilik va mas’uliyatlilik tobora keng namoyon etilmoqda. Bunda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar muhim rol o‘ynamoqda. Jurnalist va blogerlar ham zarur tushuntirish ishlarini olib borishmoqda.

Biz, senatorlar bugungi vaziyatga bog‘liq talablarni e’tiborga olib, Senatning ushbu yalpi majlisini videokonferentsiya tarzida o‘tkazishga qaror qildik. Chunki hayot davom etmoqda, qonunlar qabul qilinishi zarur. Bu ham “Elektron parlament” tizimi sari ilq qadam bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

 

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati

 
← Roʻyxatga qaytish