O‘zini o‘zi band qilgan sifatida shug‘ullanish mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatini kengaytirish
O‘zini o‘zi band qilgan sifatida shug‘ullanish mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatini kengaytirish

 

Aholini ijtimoiy himoya qilish har qanday davrda ham davlat va jamiyat oldida turgan eng muhim, eng dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Aholi bandligini ta’minlash esa ijtimoiy himoyaning eng asosiy shartlaridan biridir.

O‘z ishini o‘zi topib, uni o‘zi bajarish orqali daromad ko‘radigan insonlar o‘zini o‘zi band qilgan hisoblanadi. O‘zini o‘zi band qilishning foydali jihatlari ko‘p. Avvalo, uydan ishlashning qonuniy imkoniyati yaratiladi. Bunda ularning ijtimoiy himoyasi ham ta’minlanadi, ya’ni ular pensiya haqida qayg‘urmasa ham bo‘laveradi. Chunki ularga ish staji hisoblanadi. Ular uchun daromad solig‘i yoki boshqa yig‘imlar ham yo‘q. Faqat bir yilda BHMning 1 baravari miqdorida ijtimoiy soliq to‘lash kifoya.

Hamyurtlarimiz orasida o‘ziga qulay ish topolmasligi natijasida mehnat shartnomasi, doimiy ish haqiga ega bo‘lmagan, biroq turli mavsumiy mehnat bilan band bo‘lgan yoki oilasida tomorqa bilan shug‘ullanib, daromad topadiganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Masalan, repetitorlar, enagalar, santexniklar, sartaroshlar, kuryerlar, avtomobil yuvuvchilari, hunarmandlar, farroshlar, tikuvchilar, dasturchilar va yana ko‘plab kasb egalari o‘zini o‘zi band qiluvchilar bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, qishloqlarda, chekka hududlarda uyida sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash, sotish yoki kulolchilik, gilam to‘qish, gips va ganchdan buyumlar yasash orqali daromad topayotgan bor. Mehnatga layoqatli yoshdagi har bir kishi o‘z qiziqishi va qobiliyatiga qarab, o‘zini o‘zi band qilishi mumkin. Ular yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari shart emas.

O‘ylab qarasak, bunday kasb-hunarlar bilan odamlarimiz avvaldan shug‘ullanib kelgan o‘zi. Masalan, qadimdan hunarmandchilik, ustachilik, zargarlik, duradgorlik, sartaroshlik kabi kasblar odamlarimiz turmush tarzining asosini tashkil etgan. Endi esa bunday faoliyatga huquqiy baho berildi. Xalq demokratik partiyasi fikriga ko‘ra, endilikda o‘zini o‘zi band qilganlar uchun shart-sharoitlarni yaxshilash zarur. Xo‘sh, nega?

O‘zini o‘zi band qilganlar uchun faoliyat turlarini kengaytirish yanada moslashuvchan mehnat bozorini yaratishga yordam beradi. Ushbu tashabbus har bir fuqaro o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi va mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shishi mumkin. O‘zini o‘zi band qilganlar uchun sharoitlarni yaxshilash hamda bunday faoliyat turlari ro‘yxatini kengaytirish yanada barqaror va adolatli iqtisodiy muhitni yaratishga yordam beradi, bu esa uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy farovonlikka olib keladi.

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Partiya munosabati Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish