“Maqsadimiz – ta’lim vaucheri tizimini joriy etish!”
“Maqsadimiz – ta’lim vaucheri tizimini joriy etish!”

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining ta’lim olish tanlovini kengaytirish, raqobatni kuchaytirish hamda sohada sifatni oshirish vositasi sifatida oliy ta’limda ta’lim vaucheri tizimini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi bir qator dolzarb masalalarni hal etishga qaratilgan.

Ta’lim vaucheri tizimini joriy etish talabalarga o‘z xohish-istaklari va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda oliy ta’lim muassasasini tanlash hamda sifatli ta’lim olish imkoniyatini taqdim etadi.

Shu bilan birga, mazkur tizim oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi raqobatning kuchayishi hamda ta’lim xizmatlari sifatini oshirish nuqtai nazaridan muhim rag‘bat bo‘ladi. Oliy ta’lim muassasalari talabalarni ko‘proq jalb etish asnosida o‘z dasturlarini takomillashtirishga, zamonaviy o‘qitish uslublari va zamonaviy texnologiyalarini amalda joriy etishga hamda ta’lim infratuzilmasini rivojlantirishga majbur bo‘ladi.

Buning yana bir ijobiy jihati shundaki, o‘quvchilarda ta’lim darajasini farqlash, ularning individual ehtiyojlari va manfaatlarini hisobga olish imkoniyati yaratiladi. Har bir talaba o‘z bilimiga o‘zi xohlagancha sarmoya kirita oladi, bu esa kelajakda yanada malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashning asosiy dinamikasini belgilashga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, chuqurlashtirilgan ta’lim olib boriladigan magistraturada ta’lim vaucherlarini joriy etishning istiqbolli ko‘rinishlari mavjud bo‘lib, rivojlangan davlatlarda bunday tajribaning keng qo‘llanilishi moliyaviy resurslarni to‘g‘ri va adolatli yo‘naltirishga bog‘liqligi bilan izohlanadi.

Muxtasar qilib aytganda, ta’lim vaucherlarining joriy etilishi talabalar va butun jamiyat ehtiyojlariga yo‘naltirilgan yanada moslashuvchan hamda samarali oliy ta’lim tizimini yaratish yo‘lida tashlangan muhim qadam bo‘ladi.

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Partiya munosabati Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish