O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi “Har bir inson farovonligi uchun” shiori ostida saylovoldi targ‘ibotini faol o‘tkazmoqda.
Ana shunday uchrashuvlardan biri Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. Turli soha vakillari, yoshlar, mahalla yetakchilari qatnashgan muloqotda partiyaning yangi Saylovoldi dasturi, nomzodlarning maqsad-vazifalari haqida fikr almashildi.
Saylovning ijtimoiy birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlashdagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratilib, partiya tomonidan amalga oshirilgan xususida ma’lumot berildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodlar bilan yaqindan tanishtirildi.
Ta’kidlanganidek, partiya keyingi besh yillik uchun 10 ta yo‘nalish 15 ta strategik qadamdan iborat taklif-tashabbuslar bilan chiqmoqda. Partiya ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti tarafdori bo‘lib, iqtisodiyotda davlatning faol roli va ishtirokini saqlab qolish, kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirishga intiladi.
Partiya davlat pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirish, pensiya yoshini o‘zgartirmaslik tarafdori ekani alohida qayd etildi.
Muloqotda nomzodlar saylovchilarning savollariga javob berib, ularning fikr va takliflarini tingladilar.
Xalq demokratik partiyasi nomzodlari o‘z chiqishlarida mamlakatning barqaror rivojlanishi va xalq farovonligini ta’minlash uchun barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar qilishga tayyor ekanliklarini ta’kidladi. Uchrashuvda ishtirok etgan saylovchilar partiyaning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishdi.
Barcha so‘z olganlar yurtdoshlarimizni saylovda faol qatnashib, Xalq demokratik partiyasi va uning nomzodlariga ovoz berishga chaqirdi.