Xalq demokratik partiyasi pensiya yoshini o‘zgartirmaslik tafdori

 

Shu kunlarda Xalq demokratik partiyasining Qashqadaryo viloyati Kengashi, xayrixohlari va faollari tomonidan ham saylovchilar bilan ko‘plab yuzma-yuz uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tayotgan muloqotlarda partiya Saylovoldi dasturidan o‘rin olgan g‘oya va tashabbuslarning mazmuni, ular nimaga xizmat qilishi sodda va ravon tilda tushuntirilmoqda.

Saylovoldi dasturida 15 qadamni o‘z ichiga olgan 150 dan ortiq yangi g‘oya va tashabbuslar ilgari surilayotgani haqida aytilib, eng muhimlari haqida kengroq ma’lumotlar berilyapti.

Xalq demokratik partiyasi pensiya yoshini o‘zgartirmaslik tafdori bo‘lib, davlat pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirish, pensiya va ijtimoiy nafaqalar insonning hayotiy ehtiyojlariga yetarli bo‘lishi uchun intilmoqda.

Shuningdek, partiya har bir shaxsning Konstitutsiya bilan kafolatlangan ijtimoiy huquqlarini samarali amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Ijtimoiy kodeksni qabul qilishga erishmoqchidir. Bu hujjat ijtimoiy sohadagi qonunchilikni yagona tizimga keltirishga xizmat qiladi hamda ijtimoiy yordam va nafaqalarning yanada adolatli taqsimlanishiga, jamiyatda barqarorlikni mustahkamlash uchun asos bo‘ladi.

Bundan tashqari, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish uchun ham ustuvor vazifalar belgilab olingan bo‘lib, ularda tibbiy sug‘urtani joriy etishning huquqiy asoslarini takomillashtirish maqsadida “Davlat tibbiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilish, viloyatlarning ko‘p tarmoqli tibbiyot va tibbiy diagnostika, bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari hamda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarini zamonaviy tibbiyot texnikasi va texnologiyalari hamda tegishli mutaxassislar bilan ta’minlash bo‘yicha dastur qabul qilish ko‘zda tutilgan.

Uchrashuvlarda saylovchilar ham faol qatnashib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirishyapti. Ayniqsa, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami manfaatlariga xizmat qiladigan tashabbuslar ma’qul kelganini, shuningdek, odil sudlovni ta’minlashga qaratilgan hakamlar hay’ati instituti va viloyat, tuman (shahar) sudlari raislarini rotatsiya qilish amaliyotini joriy etish tashabbuslari sudlar faoliyatidagi odillikka xizmat qilishi haqidagi fikrlarni qo‘llashmoqda.

Muloqotlar davomida saylov tizimidagi yangiliklar, Xalq demokratik partiyasi faoliyati yuzasidan ham savol-javoblar bo‘lmoqda. Fuqarolarga saylovlarning mamlakat ravnaqi yo‘lidagi ahamiyati, demokratik jamiyat qurishdagi o‘rni va har birimizning hayotimizga ta’siri haqida tushuntirilib, Xalq demokratik partiyasiga, uning nomzodlariga ovoz berishga chaqirilmoqda.

 

 

 

 

 

Teglar

Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish