O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi yurtimizda istiqomat qilayotgan har bir shaxs farovon yashashi, har jihatdan ijtimoiy himoyaga ega bo‘lishi uchun tinimsiz va samarali mehnat qilib kelmoqda. Kuchli ijtimoiy siyosat yuritish o‘z oldiga asosiy maqsad qilib qo‘ygan O‘zbekiston XDPning Toshkent viloyatidagi faollari, xayrixohlari ham saylovchilar bilan ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Mahallalar guzarlari, bozorlar, bekatlar, xonadonlarda saylovchilar bilan bo‘lib o‘tayotgan yuzma-yuz suhbatlarda birinchi navbatda partiyaning asosiy g‘oyalari tushuntirilmoqda. Bosh qomusimizda O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida e’tirof etilganidan so‘ng davlatning fuqarolar oldidagi mas’uliyatini yanada oshirish yuzasidan ilgari surilayotgan taklif va tashabbuslar mazmun-mohiyati ochib berilyapti.
Ijtimoiy davlat g‘oyasi partiya uzoq yillardan buyon ilgari surib kelayotgan tashabbuslardan biri edi va bu amalga oshdi. Bu millionlab fuqarolarimiz hayotida aks etadigan juda katta yutuqdir.
Yangi Saylovoldi dasturida ijtimoiy himoya, ijtimoiy tenglik va ijtimoiy adolat tamoyillarini mujassamlashtirgan takliflar bilan bir qatorda iqtisodiyotda davlatning faol roli va ishtirokini saqlab qolish, kambag‘allikni qisqartirish, soliq qonunchiligini takomillashtirish hamda bank-kredit sohasini rivojlantirish yuzasidan ham xalqchil tashabbuslar ilgari surilmoqda. Ushbu yo‘nalishda strategik ahamiyatga ega kompaniyalar ustidan davlat nazoratini saqlab qolish, ularni xususiylashtirishni qonun darajasida taqiqlash, mahalliy investorlarni qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, ularga xorijiy investorlar bilan bir xil imtiyozlar berish, aholining moliyaviy savodxonligini oshirish bo‘yicha dastur qabul qilish kabi ustuvor vazifalar belgilab olingan.
Saylovchilar bilan o‘tayotgan muloqotlarda ertangi kunga befarq bo‘lmaslik, fuqarolik burchini sidqidildan bajarish lozimligi, shuningdek, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va uning nomzodlariga ovoz berishga chaqirilmoqda.