O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi majlislar zalida MDH parlamentlararo Assambleyasi xalqaro kuzatuvchilarining O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi mas’ullari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda MDH parlamentlararo Assambleyasi kuzatuvchilar missiyasi rahbari T.A.Masabirov, MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kengashi bosh kotibining o‘rinbosari A.M.Djafarov, MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kengashi kotibiyati rahbari o‘rinbosari I.I.Mushket va missiyaning boshqa vakillari, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashidan partiya Markaziy Kengashi raisi U.I.Inoyatov hamda partiya xodimlari ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida partiya yetakchisi U.I.Inoyatov Xalq demokratik partiyasi tarixi, o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalari hamda joriy yilda parlament va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylov jarayonlari haqida haqida qisqacha tanishtirib o‘tdi.
Keyin missiya rahbari T.A.Masabirov MDH parlamentlararo Assambleyasi kuzatuvchilar missiyasining maqsadi, muddati va saylovlarni kuzatish tartibi haqida ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng, uchrashuvning savol-javob qismiga o‘tildi. Xususan, partiya vakillariga quyidagi savollar berildi.
Mehmonlar saylovlarni tashkil etish masalalari bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi faoliyati bilan qiziqdi.
Unga javoban partiya xodimlari Markaziy saylov komissiya faoliyatini ijobiy baholashini ta’kidladi. Qayd etildiki, partiyadan vakolatli vakil Markaziy saylov komissiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bo‘yicha tashkil etilayotgan barcha majlislarida ishtirok etishi ta’minlangan. MSKning qarorlari haqida o‘z vaqtida xabar berib boriladi. Mazkur yo‘nalishda siyosiy partiyalar va Markaziy Saylov Komissiyasi o‘rtasida yaxshi hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Umuman olganda, o‘tayotgan saylovlarda MSKning yuqori professional yondashuvi, tashkiliy va boshqa barcha masalalarda hamkorlik aloqalarini e’tirof etildi.
Shuningdek, missiya vakillariga o‘tgan saylovlarda partiya saylovoldi dasturi ijrosi, a’zolari soni, sifat tarkibi va faoliyatiga oid masalalarda ma’lumotlar berildi. Eng muhimi, partiyaning ijtimoiy ideali bo‘lgan ijtimoiy demokratik davlatni barpo etish tamoyili Konstitutsiyada muhrlangani e’tirof etildi. Ta’kidlandiki, minimal iste’mol xarajatlarini e’lon qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari undan oz bo‘lishi mumkin emasligi belgilandi. “Ijtimoiy himoya yagona reyestr” axborot tizimi ishga tushirildi. Birlashgan Millatlar tashkilotining “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyasi O‘zbekistonda ratifikatsiya qilindi. Aholining kam daromadli qatlami uchun qurilayotgan arzon uy-joylar soni ko‘paytirildi, shuningdek, ushbu sohada imtiyozli ipoteka krediti ajratish amaliyoti takomillashtirildi. Aholiga uy-joy olishini subsidiyalash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Uchrashuvda bu yilgi nomzodlarni tanlashda nimalarga e’tibor qaratilgani haqida ham so‘z bordi. Xususan, boshqa millat vakillari ishtirokiga ham alohida e’tibor qaratilgani aytib o‘tildi. Saylov qonunchiligiga kiritilgan barcha o‘zgarishlar bo‘yicha munosabat bildirilar ekan, partiya aralash saylov tizimiga o‘tilganini qo‘llab-quvvatlashi qayd etildi. Saylovga oid qonunchilikka o‘zgartirish kiritish masalalarida ham partiya vakillari faol ishtirok etgani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, xalqaro kuzatuvchilar partiya fraksiyasi faoliyati, xalqaro kuzatuvchilarning jarayonlariga ishtirokiga oid masalalar bilan qiziqdi. Partiya vakillari berilgan barcha savollarga atroflicha javob qaytardi.