O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi majlislar zalida TurkPA saylovlarni kuzatish missiyasi a’zolarining O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi mas’ullari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda TurkPA saylovlarni kuzatish missiyasi rahbari, Turkiya Respublikasi Buyuk Millat Majlisi a’zosi Osman Mesten boshchiligidagi missiyaning vakillari, partiya Markaziy Kengashi raisi U.I.Inoyatov, raisi o‘rinbosarlari U.N.Vafayev, M.A.Vorisova hamda Markaziy Kengash mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Muloqot avvalida Xalq demokratik partiyasi tarixi, o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalari hamda joriy yilda parlament va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga ko‘rilayotgan tayyorgarlik haqida qisqacha tanishtirib o‘tildi.
O‘z navbatida TurkPA missiyasi rahbari Osman Mesten o‘zi va hamkasblarini tanishtirib, TurkPA saylovlarni kuzatish missiyasining maqsadi, muddati va saylovlarni kuzatish tartibi haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, Osman Mesten va missiyaning boshqa a’zolari O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarga, jumladan ijtimoiy sohadagi o‘zgarishlarga yuqori baho berdi. Turkiy tilli davlatlar o‘rtasida rivojlanib borayotgan hamkorlikni mamnuniyat bilan e’tirof etdi va kelgusida O‘zbekiston davlatini TurkPA tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lishiga umid bildirdi.