O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovning Markaziy saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilingan dastlabki natijalari bo‘yicha brifing o‘tkazdi.
Unda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov partiyaning saylovda ishtiroki va erishgan natijalari haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovlar ochiq raqobat hamda saylovchilarning faolligi muhitida, milliy qonunchiligimiz va xalqaro me’yorlarga muvofiq ravishda o‘tgani qayd etildi.
Yurtimizda ilk bor aralash tizim asosida, xalqimizning siyosiy-huquqiy faolligi hamda daxldorligi oshgan davrda o‘tgan ushbu saylovda Xalq demokratik partiyasi yuz minglab a’zolari, millionlab xayrixohlarining qo‘llab-quvvatlashiga tayangan holda, faol qatnashdi.
Xalq demokratik partiyasi saylovning barcha bosqichlarida siyosiy partiyalarga berilgan huquq va vakolatlar hamda yaratilgan shart-sharoitlardan samarali foydalanishga harakat qildi. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga va mahalliy Kengashlarga har bitta deputatlik o‘rni uchun to‘liq nomzod ko‘rsatdi. Bu partiya uchun saylov naqadar muhim ekanini, har bir deputatlik o‘rni uchun kurash olib borganini ko‘rsatadi.
Saylovoldi tashviqoti davrida partiyaning asosiy elektorati vakillari bilan uchrashuvlarga alohida e’tibor qaratildi. Ayniqsa, siyosiy partiyalar o‘rtasida debatlarning tashkil qilinishi katta imkoniyat bo‘ldi.
Bularning barchasi mamlakatimizda saylov jarayoni ochiqlik, oshkoralik kabi demokratik tamoyillar asosida o‘tgani, xalqimizning ijtimoiy-siyosiy faolligi yuksalib, odamlarda yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi kuchayayotganini ko‘rsatdi.
Saylov yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilingan dastlabki natijalarga ko‘ra, Xalq demokratik partiyasi parlamentda jami 20 ta deputatlik o‘rniga ega bo‘ldi. Xususan, proporsional tizim bo‘yicha partiyamiz saylovchilarning 17,11 foiz ovozini olishga erishdi.
Xalq demokratik partiyasi saylov natijalarini xalqimizning xohish-irodasi, deb qabul qiladi va unga hurmat bilan qaraydi. Shu bilan birga, o‘z g‘oyalari asosida tanlagan yo‘li — kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, bu boradagi vazifalarni hayotga izchil tatbiq qilish pozitsiyasida qat’iy qolishi bildirildi.