Yangi saylangan deputatlar o‘z faoliyatini aholi orasiga chuqurroq kirib borish bilan boshladi. Masalan, Sirdaryo viloyat Kengashiga Xalq demokratik partiyasidan saylangan deputat Azizbek Rahmonov yoshlar bilan muloqot o‘tkazdi.
Xususan, Toshkent Kimyo texnologiyalar institutining Yangiyer shahar filialida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yurtimizda olib olib borilayotgan yoshlarga oid siyosat haqida so‘z bordi. Shuningdek, bu boradagi islohotlar, yoshlarga doir qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlarning ahamiyati haqida fikr yuritildi.
Shu bilan birga, yoshlarning siyosiy va huquqiy bilimini oshirish, siyosiy jarayonlarga faol jalb qilish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan chora-tadbirlar xususida atroflicha tushunchalar berildi. Jumladan, mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha islohotlarning samarasi o‘laroq bugungi yigit-qizlarning salohiyati ancha oshgani, til o‘rganish, xorijdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish kabi imkoniyatlardan foydalanishning samaradorligiga to‘xtalib o‘tildi.
Bularga javoban yoshlar hamisha intiluvchan va izlanuvchan bo‘lishi zarurligi, vaqtini foydali mashg‘ulotlarga sarflash orqali qanday yaxshi natijalar ko‘rsatishi mumkinligi hayotiy misollar bilan tushuntirildi.
Muloqotda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish bilan birga, hayoti va o‘qish jarayonidagi ayrim masalalarda maslahat va ko‘mak ham so‘radi. Samarali muloqot yoshlarda yaxshi kayfiyat uyg‘otdi.