Qonunchilik palatasining birinchi majlisida qatnashar ekanman, ezgu o‘ylar xayolimdan o‘tdi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, har qanday saylov davlat va jamiyat uchun muhim siyosiy jarayon. Ayniqsa, jahondagi bugungi keskin va tahlikali vaziyatda bunday umumxalq tadbirlarini o‘tkazish yanada katta mas’uliyat talab etadi. Dunyodagi murakkab davrda saylovlarni osoyishtalik sharoitida, emin-erkin o‘tkazilgani yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik ifodasi, albatta. Bu bebaho boyligimiz, ya’ni osoyishta hayotimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, mustahkamlashimiz zarur.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputati sifatida buni yanada chuqur anglab turibmiz. Bizning kamtarona mehnatimizga xalqimizning yuksak bahosi va bildirgan ishonchidan boshimiz ko‘kka yetganidek, zimmamizdagi mas’uliyat yukini ham qalbdan his qilyapmiz.
Xalqimizning siyosiy tafakkuri tubdan o‘zgardi. Siyosiy partiyalarning jamiyat hayotidagi roli va ishtiroki kuchaydi. Bularning barchasi aralash saylov tizimini joriy etishga mustahkam zamin yaratdi. Ko‘plab davlatlarda bunday islohotlarni o‘tkazish uchun o‘n yillar kerak bo‘lgan. Shu ma’noda, O‘zbekiston aralash saylov tizimini qisqa fursatda, dadil joriy etishga erishgan kam sonli mamlakatlardan biri, deyishga munosibdir.
Umuman, majlisda aytilgan har bir fikr, bildirilgan taklif va mulohazalarda hayotiy haqiqatlar mujassam. Muhimi, yig‘ilishda ishtirok etgan deputatlar o‘z ustida tinimsiz ishlashi kerakligini yana bir bor maqsad qilib olganiga shubha yo‘q. Shular qatorida men ham, o‘zimga rejalar belgilab oldim. Odamlarning kayfiyatiga ijobiy ta’sir qiluvchi, partiyamiz elektorati manfaatlariga mos, saylovchilar ishonchini oqlashga qaratilgan ishlarni kuchaytirish haqida bir qancha fikrlar tug‘ildi. O‘ylaymanki, dasturiy tashabbuslarimizni hayotga izchil tadbiq etishda fraksiyamiz bilan hamjihatlikda samarali faoliyat yuritamiz.
Zokirjon ZOHIDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.