Avvalambor, aytish kerakki, yangi chaqiriq Oliy Majlis Senatining birinchi majlisi tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tdi. Yutuqlar e’tirof etildi, lekin asosiy e’tibor yuqori palata faoliyatini yangi bosqichga chiqarish, joylarda mahalliy Kengashlar rolini oshirish masalalariga qaratildi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, konstitutsiyaviy islohotlar natijasida Senat tarkibi ixchamlashib, uning a’zolari soni 100 nafardan 65 nafarga qisqardi. Ayni vaqtda senatorlarning vakolatlari va mas’uliyati bir necha barobar oshdi. Xususan, yuqori palataning parlament nazorati va bir qator muhim davlat organlarini shakllantirishdagi ishtiroki sezilarli ravishda kengaytirildi. Senatga ham qonunchilik taklifi kiritish huquqi berildi.
Ushbu majlisda Prezidentimizning nutqi biz, yangi tarkibdagi Senat a’zolariga kelgusi besh yil davomidagi faoliyatimizning asosiy yo‘nalishlarini ko‘rsatib bergani ayni haqiqat.
Anglab, his qilib turibmizki, bugungi murakkab davr barchadan o‘z ishini tanqidiy baholab, uni butunlay yangicha tashkil etishni taqozo etmoqda. Shu nuqtai nazardan majlisda Senat oldida turgan dolzarb vazifalar birма-bir sanab o‘tildiki, ularning har biri faoliyatimiz “yo‘l xaritasi”ning negizi hisoblanadi.
Qonunlarda hududiy va umumdavlat manfaatlari uyg‘un bo‘lishiga erishish, ularni muhokama qilishda yangicha mexanizmlarni joriy etish, mahalliy Kengashlar faoliyatiga har tomonlama ko‘maklashish, mahalliy Kengashlarning qarorlari qonunchilikka muvofiq bo‘lishini ta’minlash, bu borada ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha samarali tizimni yaratish shular jumlasidandir.
Ma’lum bo‘lishicha, Senatning har bir qo‘mitasi joylardagi muammolarni o‘rganish va ularning yechimi yuzasidan o‘tgan besh yil davomida o‘rtacha 37 tadan nazorat-tahlil tadbiri o‘tkazgan. Lekin nazorat tadbirlari kutilgan natija beryaptimi, ulardan keyin joylarda aniq bir muammo o‘z yechimini topyaptimi, degan savol senatorlarni o‘ylantirishi kerakligi, qo‘mitalardagi eshituv instituti asoslarini qonun darajasida mustahkamlab qo‘yish vaqti kelgani aytildi. Ochig‘i, bu ko‘nglimizdagi gaplar edi.
Bugun Yangi O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni yaxshilanib borayotgani quvonarli. Mamlakatimiz reytingi qonun ustuvorligi bo‘yicha 8, elektron hukumat bo‘yicha 18, iqtisodiy erkinlik bo‘yicha 49, logistika va innovatsiya bo‘yicha 10 pog‘ona yuqori ko‘tarilgani o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q. Bu yutuqlar va ular ortida turgan dadil islohotlarning mazmun-mohiyatini xalqimizga, xorijiy va mahalliy ekspertlarga yetkazishda senatorlarimiz faol bo‘lishga chaqirildi.
Mamlakatimiz hayotida, Senat faoliyatida yangi, yorqin sahifa ochishimizga umid bildirildi. Bu umid bizga qanot va mas’uliyat bag‘ishlaydi.
Malika QODIRXONOVA,
Oliy Majlis Senati a’zosi.
«O‘zbekiston ovozi», 20.11.2024, №47