Bugun yurtimizning qay manziliga bormang, sezilarli o‘zgarishlarning, odamlarimiz hayotida yaxshi burilishlarning guvohi bo‘lasiz. Xususan, bizning Xorazm vohamizda obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari chekka-chekka qishloqlarni ham qamrab olmoqda. Ishlab chiqarish va sanoat, ijtimoiy infratuzilmalarning rivojlanishi izchil sur’atga kirgan.
Shubhasiz, viloyatimizning ижтимоий-iqtisodiy rivojlanishida mahalliy Kengashlar deputatlarining munosib o‘rni va ta’siri bor. Endilikda yangi tarkibda ish boshlaydigan xalq vakillari ham davlatimiz va jamiyatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishi, jumladan, viloyatimizning barcha jabhada peshqadamlar safiga chiqishi uchun faollik ko‘rsatishiga ishonchimiz komil.
Prezidentimiz yuqori palataning avvalgi tarkibi mahalliy Kengashlar bilan muloqot va hamkorlik borasida faqat dastlabki qadamlarni qo‘yganini e’tirof etib, aynan shu yo‘nalishda oldinda yanada dolzarb vazifalar turganini aytib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari majlisda ijtimoiy islohotlarning haqchilligi va xalqchilligini ta’minlashda yangi tarkibdagi senatorlar zimmasida ulkan mas’uliyat turganiga diqqat qaratgani ham bejiz emas.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish borasida salmoqli dasturlarga qo‘l urilmoqda. To‘rt yil oldin 23 foiz aholimizning daromadi kambag‘allik chegarasiga ham yetmas edi. O‘tgan davrda 3,5 million fuqaro uchun daromad olish imkoniyati yaratilib, kambag‘allikni 11 foizga tushirishga erishildi. Kelgusi uch yilda uni 7 foizga tushirish reja qilingan.
Kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida kelgusi yili budjetdan 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Shuningdek, yangi yildan 65 turdagi ijtimoiy xizmat va yordamlar, 50 ga yaqin imtiyozlarni o‘zida mujassam etadigan yagona “Ijtimoiy karta” tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Bugungi kunda imkoniyati cheklangan bolalarning aksariyati ijtimoiy muhitdan ajralgan holda ta’lim olmoqda. Ularning umumta’lim maktablariga qatnashi uchun to‘siqsiz muhit va zarur sharoit yaratiladi, maxsus pedagog va psixologlar jalb qilinadi. Bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlariga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish va ayovsiz kurashish sa’y-harakatlari davom etadi.
Mohiyatan ijtimoiy taraqqiyotga xizmat qiluvchi bu kabi ustuvor maqsadlar hayotiy tasdig‘ini topishida biz, senatorlar birinchilar qatorida mas’ulmiz.
Sayyora ABDIKARIMOVA,
Oliy Majlis Senati a’zosi.
«O‘zbekiston ovozi», 20.11.2024, №47