Yosh deputat: nogironligi bor shaxslarga ishonch bildirilishi shu toifa insonlarga ruhiy madad beradi
Yosh deputat: nogironligi bor shaxslarga ishonch bildirilishi shu toifa insonlarga ruhiy madad beradi

Yosh boʼlishiga qaramay, siyosiy bilim va dunyoqarashi kengligi, mamlakatimizdagi siyosiy-huquqiy jarayonlarga qiziqishi uni dastlab Xalq demokratik partiyasining tuman kengashiga yetakladi. Partiyadagi faolligi, tashabbuskorligi sabab u deputat yordamchisi vazifasini bajara boshladi. Keyinchalik partiya tuman kengashiga mutaxassis lavozimiga ishga qabul qilindi.

Olloberdi Olimov oʼng tomonlama gemiparez, yaʼni oyoq-qoʼl nuqsoni bilan tugʼilgan boʼlib, ikkinchi guruh nogironi hisoblanadi. Аmmo bu tugʼma dard uni oʼz intilishlaridan, qiziqish va harakatlardan toʼxtata olmadi. Oʼz ustida tinimsiz izlanishi, maktab partasidanoq bilim olishga boʼlgan qiziqishi, yuksak maqsadlar sari qadam tashlashi uni yanada kuchli va irodali qildi. Olloberdi tengdoshlari orasida namunali yosh sifatida oʼzini namoyon qildi.

Mamlakatimizda nogironligi bor shaxslarni davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlash, avvalo, nogironlikni barvaqt aniqlash va oldini olish, nogironligi boʼlgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam koʼrsatish, ularni kasbga oʼqitish va ishga joylashtirish sohasida keng koʼlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbarining 2017 yilda qabul qilingan “Nogironligi boʼlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi farmoni yanada ahamiyatli boʼldi. Mazkur farmonda nogironligi boʼlgan shaxslarning jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga jalb qilinishi va faol ishtirokini taʼminlovchi inklyuziv taʼlim va ishga joylashtirish tizimini takomillashtirish masalalari qamrab olinib, bir qator ishlar amalga oshirildi.

Ushbu farmon ijrosi natijasi Olloberdi Olimov hayotida ham oʼz aksini topdi. Gap shundaki, Olloberdi ushbu farmonga koʼra, Toshkent davlat transport universiteti yurisprudentsiya yoʼnalishiga imtiyozli tarzda oʼqishga qabul qilindi. Аyni paytda u universitetning sirtqi boʼlimida 1-kurs talabasi.

2024 yil 27 oktyabrь kuni boʼlib oʼtgan Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi muhim yangilik va oʼzgarishlarga boy boʼlgani bilan ahamiyatli kechdi. Yaʼni, ilk bor saylov jarayonlarida komissiya aʼzolarini tanlash hamda nomzodlar koʼrsatishda inklyuzivlikka eʼtibor qaratilib, nogironligi bor shaxslar saylov komissiyalari aʼzoligi va nomzodlar roʼyxatiga kiritildi. Saylov natijalariga koʼra, Qonunchilik palatasiga 1 nafar hamda Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) Kengashlariga 138 nafar nogironligi bor shaxslar deputat etib saylandi.

Ular orasida Olloberdi Olimov ham borligi unga yanada kuch-gʼayrat va motivatsiya berdi:

— Nogironligi bor insonlarga nisbatan shunaqa qarash borki, goʼyoki ularga faqat yordam berish kerak, nimadir berish, hadya qilish kerak, deb oʼylashadi. Аmmo bu toifa insonlar orasida ham shunday kuchli, iqtidorli, isteʼdodli va lider insonlar borki, ulardan rahbarlar, hokimlar chiqishi mumkin. Ularga ishonch bildirilishi shu toifa yurtdoshlarimizga ruhiy madad va motivatsiya beradi.

Yoshligimdan siyosatga, qonunchilikka qiziqqanim bois partiyaga aʼzo boʼldim va shu orqali siyosiy jarayonlarda qatnashib yurdim. Bu yilgi saylovlarda nogironligi bor shaxslarning deputat boʼlib saylanishi katta natija boʼldi. Chunki mahalliy Kengashlarda va parlamentda nogironligi bor fuqarolar huquqlariga oid masala yoki boshqa masalalar koʼrilganida shu toifadagi insonlar shart-sharoitidan kelib chiqib takliflar berishda nogironligi bor deputatlar ishtiroki muhim. Toʼgʼri, bu borada keng koʼlamli saʼy-harakatlar qilinyapti, qonunchilik hujjatlari ishlab chiqilayapti. Аmmo aynan oʼzidan dardni oʼtkazgan, shu holda yashab koʼrgan insonlar tomonidan qonunchilikka yoxud hududlar rivojiga oid takliflar berilishi yanada samaraliroq boʼladi, deb oʼylayman.

Masalan, oʼzim saylangan okrugdagi masalalarni hal etishda, umuman, tuman miqyosidagi yoʼl, jamoat transporti, suv, taʼlim, tibbiyot kabi yoʼnalishlar rivojida, albatta, nogironligi bor fuqarolar manfaatlarini oʼylagan holda yoʼl tutaman. Bu borada kelgusidagi deputatlik faoliyatim davomida olisdagi maktablarda qoʼshimcha sharoitlar yaratish, kitoblar jamlanmalarini yetkazish, nogironligi bor yoshlarni oʼqitish va kasb-hunar oʼrganishiga sharoitlar yaratish kabi masalalarga eʼtibor qaratmoqchiman. Qolaversa, okrugim hududida elektr, gaz va yoʼllar bilan bogʼliq masalalar bor. Bularni hal etish choralarini koʼrishga harakat qilaman. Eng oliy maqsadim tuman deputati sifatida tajriba orttirib, tumandoshlarim ishonchini oqlab, keyinchalik Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati boʼlish, — deydi Olloberdi.

Darhaqiqat, insonga berilgan dard uning Yaratuvchiga suyukligidan, deyishadi. Inson oʼziga ishonsa, oʼz ustida ishlasa, har qanday holatda ham aniq natijaga, marraga erishadi, albatta. Olloberdi Olimov oʼz ustida ishlashdan tinmaydigan, olam-olam orzu-maqsadlari sari dadil borayotgan faol yoshlarimizdan. Uning shiddatiyu shijoati, oʼziga ishonchi, orzularga limmo-lim qalbi, eng avvalo, elu yurt dardi, tugʼilib oʼsgan Vatani ravnaqi yoʼlida jumbushga keladi.

Muhtarama Komilova,

OʼzА

← Roʻyxatga qaytish