Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kecha oʼtgan majlisida dastlab Byudjetnoma loyihasi ikkinchi oʼqishda muhokama qilindi. Аvvalroq Oʼzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraktsiyasi Davlat byudjeti toʼgʼrisidagi qonun loyihasini atroflicha koʼrib chiqib, oʼz fikr- mulohazalarini bildirgan edi.
Qonun loyihasiga koʼra, birinchi darajali byudjet mablagʼlarini taqsimlovchilar uchun respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʼlar hamda mahalliy byudjetlarga ajratiladigan tartibga soluvchi byudjetlararo trans¬fertlar miqdorlari tasdiqlangan. Mahalliy byudjetlar daromadlari va xarajatlari prognozlari, davlat maqsadli jamgʼarmalari byudjetlarini ham qonun bilan belgilash taʼminlanadi. Shuningdek, Tiklanish va taraqqiyot jamgʼar¬masi daromadlari va xarajatlarini oʼzida aks ettirishga erishiladi.
Bundan tashqari, ushbu qonun loyihasida byudjet soha¬siga oid bir qator oʼzgarishlar nazarda tutilmoqda. Jum¬ladan, 2025 yilda mahalliy byudjetlar balansliligini taʼminlash maqsadida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʼidan hamda foyda soligʼidan tushumlarning Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahri uchun oʼtka¬zib beriladigan qismlari qayta koʼrib chiqildi.
Loyihada ijtimoiy sohaga keng oʼrin berilgan. Ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish maqsadida bir qator masalalar belgilanmoqda. Masalan, nogironligi boʼlgan bolalarga, mehnatga layoqatsiz va zarur ish stajiga ega boʼlmagan fuqarolarga hamda nogironligi boʼlgan bolalarni parvarishlayotgan onalarga nafaqalar toʼlash uchun ham katta miqdorda mablagʼlar ajratilmoqda.
Shuningdek, byudjet mablagʼlarini rejalashtirish, ulardan foydalanish natijadorligini oshirish hamda byudjetlararo munosabatlarni takomillashtirishga oid deputatlar tomonidan bildirilgan takliflar boʼyicha sogʼliqni saqlash, taʼlim, qishloq xoʼjaligi, madaniyat va boshqa sohalar boʼyicha tegishli vazirlik va idoralarning masʼullari ishtirokida muhokamalar oʼtkazilgani hamda har bir deputatning bergan savollari yoki koʼtargan masalalariga oydinlik kiritilgani taʼkidlandi.
Fraktsiya majlisida Xalq demokratik partiyasi fraktsiyasi aʼzosi Ulugʼbek Shermatov bandlikka koʼmaklashish markazlariga oʼqitish va oʼrgatish uchun nega nisbatan kam mablagʼ ajratilgani haqidagi savol bilan murojaat qilgan edi.
Deputatning savoliga Moliya vazirligi vakili Shohrux Eshonqulov hisob-kitoblarni muhokama jarayonida raqamlar shakllantirilishini, mablagʼ nisbatan kam boʼlishi oʼtgan yillardagi tegishli dasturlarning tugashi va yangi qarorda amal qiladigan dasturlarning boshlanishi bilan bogʼliqligini tushuntirdi.
Bu javobga Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy masalalar qoʼmitasi raisi Sharofiddin Nazarov qoʼshimcha qilib, mablagʼlar yil oxiriga qadar kutilayotgan joriy xarajatlar miqdoridan kelib chiqib rejalashtirilgani, agar zarurat tugʼilsa, byudjetdan qoʼshimcha mablagʼ ajratilishi mumkinligini qayd etgandi.
Fraktsiya majlisidan soʼng birgalikda ishlandi. Hamda kecha oʼtgan palata majlisida OʼzXDP fraktsiyasi taklifi inobatga olingani, Kambagʼallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutini tashkil etish xarajatlari uchun qoʼshimcha 10,6 mlrd soʼm mablagʼ ajratish masalasi loyihaga kiritilgani qayd etildi.
Palata majlisida taʼkidlanganidek, kelgusi yilga moʼljallangan Davlat byudjeti toʼgʼrisidagi qonun loyihasining koʼrib chiqilishi oʼtgan yillardagidan farq qildi. Prezidentimizning Oliy Majlis palatalaridagi maʼruzalarida strategik yoʼnalishlar, aniq vazifalar belgilab berilgan edi. Bu esa bevosita byudjet loyihasi muhokamalarini mazmunli oʼtkazishga, koʼtarilgan masalalarning mohiyatiga chuqurroq kirishgaimkon yaratdi.
Xususan, qoʼmitalar tomonidan oʼtkazilgan yigʼilishlar, siyosiy partiyalarning fraktsiyalaridagi muhokamalarda deputatlar tomonidan 100 dan ortiq savollar berilib, 10 dan ortiq kontseptual ahamiyatga ega taklif va tavsiyalar bildirildi. Natijada Byudjetnoma qayta-qayta koʼrilib, avvalgi yillardan farqli shaklda boʼlishi taʼminlandi.
Majlisda bu jihatlarga ham alohida eʼtibor qaratildi. Yaʼni, Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʼarmalari byudjetlarining daromadlari va xarajatlari, mahalliy byudjetlar va Davlat maqsadli jamgʼarmalariga oid loyihada koʼzda tutilgan tadbirlar, ularni moliyalashtirish manbalariga oid maʼlumotlar chuqur tahlil qilingani taʼkidlandi.
Shu bilan birga, birinchi oʼqishda bildirilgan fikr va takliflar asosida ikkinchi oʼqishgacha chuqur tahlillar olib borildi. Masʼul qoʼmita tomonidan loyihaning tegishli moddalarida aks ettirilgan meʼyorlar Prezident farmon va qarorlari hamda Hukumat qarorlari bilan uygʼunligi va asoslantirilgani oʼrganildi. “Oʼzbekiston – 2030” strategiyasida koʼzda tutilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda 2025 yilda belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish masalalariga ham aniqlik kiritildi.
Bundan tashqari, Hisob palatasining xulosalari ham deputatlar eʼtiborida boʼldi. Xulosa yuzasidan deputatlar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar hisobga olingan holda, asoslantirilgan takliflarni Soliq va Byudjet kodekslarida aks ettirish masalasi oʼrganib chiqildi. Qayd etildiki, qoʼmitalar, siyosiy partiyalar fraktsiyalari yigʼilishlarida qonun loyihasida vazirlik va idoralarga ajratilishi koʼzda tutilgan byudjet mablagʼlari, ulardan foydalanish hamda natijadorlikni oshirish yuzasidan bildirilgan takliflar, tavsiyalar birma-bir koʼrib chiqildi va muhokama qilindi.
Ijtimoiy soha hamda iqtisodiyot tarmoqlari boʼyicha deputatlar tomonidan koʼtarilgan masalalarga Hukumat tomonidan tuzilgan ishchi guruh hamda tegishli vazirlik va idoralar masʼul xodimlari tomonidan oydinlik kiritildi. Subsidiyalar va uning natijadorligi, byudjet ochiqligini taʼminlash ham eʼtibordan chetda qolmadi. Parlament vakillari byudjet mablagʼlari ustidan moliyaviy nazorat tizimlarini takomillashtirish hamda tibbiy sugʼurtani joriy qilish boʼyicha aniq taklif va tavsiyalar bildirdi.
Taklif etilayotgan qonun loyihasida byudjet taqchilligi cheklangan miqdorining oshib ketishiga yoʼl qoʼymaslik, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʼarmalari hisobidan qoʼshimcha xarajatlarni amalga oshirishda qonun talablariga qatʼiy rioya qilish, davlat tashqi qarzining va davlatning shartli majburiyatlari boʼyicha loyihada belgilangan chegaradan oshib ketmaslik uchun hukumatning oʼz zimmasiga olayotgan majburiyatlari deputatlar tomonidan qoʼllab-quvvatlandi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
SOLIQ VА BYuDJET SIYoSАTIDА BURILISh
Deputatlar majlisda “Soliq va byudjet siyosatining 2025 yilga moʼljallangan asosiy yoʼnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida”gi qonun loyihasini muhokama qildi.
Unda aholi va tadbirkorlik subʼektlarini qoʼllab-quvvatlash, ularga qulay sharoitlar yaratish maqsadida bir qator oʼzgartirish va qoʼshimchalar taklif etilmoqda. Xususan, kelgusi yilda asosiy soliq turlari, jumladan, foyda soligʼi, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʼi, ijtimoiy soliq, aylanmadan olinadigan soliq, qoʼshilgan qiymat soligʼi, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq turlari boʼyicha stavkalar oʼzgarishsiz qoldirilmoqda. Muhokamalar davomida biznes uchun soliq stavkalarioʼzgarishsiz saqlab qolinayotgani mamlakatimizda investitsiyaviy muhitga ijobiy taʼsir koʼrsatishi, tadbirkorlarning yanada rivojlanishiga xizmat qilishi alohida eʼtirof etildi.
Majlisda deputatlar mahalliy Kengashlar vakolatlarini kengaytirish boʼyicha oʼz munosabatini bildirdi. Xususan, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qatʼiy belgilangan soliq stavkalarini mahalliy Kengashlar tomonidan belgilash, suv soligʼi stavkasiga hamda noruda qurilish materiallari uchun qatʼiy belgilangan stavkalarga koeffitsient qoʼllash va nashriyot-matbaa korxonalarini foyda soligʼidan ozod qilishga oid meʼyorlar maʼqullandi.
Muhokamalardan soʼng loyiha ikkinchi oʼqishda qoʼllab-quvvatlandi.
SUDLАR FАOLIYaTIDА KONSTITUTsIYaVIY KАFOLАTLАR KUChАYaDI
Shu kuni sudlar faoliyatini yanada takomillashtirishga oid loyiha palata majlisida koʼrib chiqildi. Loyiha bilan sudьyalar tomonidan Konstitutsiya normalarini bevosita qoʼllash va odil sudlovni amalga oshirishda konstitutsiyaviy ustuvorlikni tasdiqlash uchun zarur huquqiy kafolatlar yaratilishi koʼzda tutilgan. Bundan tashqari, sud hokimiyati mustaqilligi hamda kafolatlari mustahkamlanadi. Eʼtiborlisi, shaxs huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish kafolatlari ham kuchayishi kutilmoqda.
“Sudlarning faoliyatiga oid konstitutsiyaviy kafolatlar kuchaytirilganligi munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida”gi qonun loyihasi ham bu galgi majlis kun tartibidan oʼrin oldi.
Birinchi oʼqishda kontseptual jihatdan koʼrib chiqilgan loyihaga koʼra, “Oʼzbekiston Respublikasi Sudьyalar oliy kengashi toʼgʼrisida”gi qonunga Sudьyalar oliy kengashi tarkibi, shu jumladan, Kengash raisi, rais oʼrinbosari, uning aʼzolari va kotibiOʼzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan saylanishi, shuningdek, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Sudьyalar oliy kengashining raisi, rais oʼrinbosari etib saylanishi mumkin emasligi belgilab qoʼyilmoqda.
Bosh qomusimizda sudlarning faoliyati hamda shaxsning huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilishga oid bir qator konstitutsiyaviy kafolatlar belgilandi. Bu oʼz navbatida amaldagi qonunlarning tegishli normalarini yangilangan Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishni talab etmoqda.
Shundan kelib chiqib, qonunlar yangi meʼyorlar bilan toʼldirilmoqda. “Sudlar toʼgʼrisida”gi qonunga odil sudlov faqat sudlar tomonidan amalga oshirilishini nazarda tutuvchi meʼyor kiritilmoqda. Shu bilan birga, qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari nafaqat barcha davlat organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar, balki fuqarolik jamiyati institutlari uchun ham majburiy hisoblanmoqda.
Tabiiyik, bu jarayonda aholi manfaatlari ham inobatga olinadi. Shu maʼnoda shaxslarning nafaqat davlat organlari, balki boshqa tashkilotlarning ham qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi mustahkamlanmoqda. “Аybsizlik prezumptsiyasi” va “Xabeas korpus” institutini yanada qaror toptirishga oid qoidalar kiritilayotgani sudlardagi adolatlilikni taʼminlashga hissa qoʼshadi.
Deputatlar qonun loyihasini birinchi oʼqishda qabul qildi.
Zilola UBАYDULLАEVА,
“Oʼzbekiston ovozi” muxbiri.