Investitsiya va sanoat yanada rivojlanadi
Investitsiya va sanoat yanada rivojlanadi

 

Mamlakatning izchil taraqqiyoti, inson manfaatlari yo‘lida olib borilayotgan islohotlar samaralari bugun Farg‘ona viloyatida ham o‘z ifodasini topmoqda. Viloyat ahli sanoat, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, qurilish, xizmat ko‘rsatish sohalarida fidokorona mehnat qilib, O‘zbekistonni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishga munosib hissa qo‘shmoqda.

Prezidentimiz Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirish, investitsiyaviy va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishda bu masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Qayd etish kerak, shu yilning 10 oyida xorijiy investitsiyalar hajmi 1,5 milliard dollarni, eksport ko‘rsatkichi 910 million dollarni tashkil qildi. Shuningdek, tovar aylanmasi 10 million dollardan oshgan 122 ta korxona paydo bo‘ldi hamda Farg‘ona korxonalari 60 ta yangi bozorga kirib bordi. Joriy yil viloyatda 1,3 milliard dollarlik mingdan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda. Xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati 7 milliard dollardan ziyod 132 ta loyiha shakllantirilgan. Ushbu loyihalar ishga tushurilishi natijasida 23 mingdan ortiq aholi ish bilan ta’minlanadi. Mazkur loyihalar to‘qimachilik, oziq-ovqat, tibbiyot, elektrotexnika, qurilish materiallari, xizmat ko‘rsatish va boshqa tarmoqlarni qamrab olgan.

Kiritilayotgan investitsiya loyihalari Avstriya, AQSH, Xtoy, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Quvayt, Yaponiya va Ozarbayjon kabi mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

O‘tgan yillarda viloyatga kiritilgan har bir ming dollar xorijiy investitsiya soliq tushumlarini o‘rtacha 207 dollarga ko‘paytirgan.

Shuningdek, “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi Quvasoy shahri hisobidan 210 gektarga kengaytirilgan. Hududda umumiy qiymati 1 milliard dollarlik 185 ta loyihani joylashtirib, qariyb 12 mingta ish o‘rni yaratish mumkin. Shuningdek, Qo‘qonda 71 gektarda texnopark tashkil etilishi birinchi bosqichda 900 million dollarlik, 5 ming ishchilik korxonalarga yo‘l ochadi.

Albatta, qaysi rahbar Vataniga, xalqiga sodiq bo‘lib, ularning farovonligini o‘ylab yashasa, yurtimiz yanada obod, insonlarning turmushi yanada farovon bo‘ladi. Masalan, Farg‘ona tumanidagi 15 ta mahallada yiliga 6 ming tonna malina yetishtiriladi. Ularga yaqin hududdan yer berilsa, tadbirkor malinani saqlash, qayta ishlash va qadoqlashni yo‘lga qo‘yib, qo‘shilgan qiymatni 2,5 karra oshirish taklifini bildirgan. Boshqa bir tashabbuskor So‘xdagi o‘rmon yerini ijaraga olib, 800 gektarda kavrak, 50 gektarda za’faron yetishtirmoqchi. Bugun Farg‘onaning quritilgan mevalari, o‘riklari nafaqat ichki bozorni, balki tashqi bozorni ham qamrab olgan. Bu ham aholini o‘zini o‘zi band qilish bilan birga, daromadini oshirishga katta xizmat qiladi.

Yana bir muhim jihati, Farg‘onada kelgusi yilda 3,7 milliard dollar investitsiya olib kelish, eksportni 1,5 milliard dollarga yetkazish mo‘ljallangan. 500 ming fuqaroning bandligini ta’minlash, 22 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifa qilib olingan. Albatta, bu boradagi ishlarni samarali amalga oshirishda barchamiz yanada faol va tashabbuskor bo‘lishimiz ayni muddao.

Bir so‘z bilan aytganda, bugun Farg‘ona viloyatida o‘zgarishlar juda katta. Ayniqsa, sanoat, qurilish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar salmog‘i nihoyatda keng va bularning barchasi aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgani bilan diqqatga sazovordir.

 

Dilbar MAMAJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish