Konstitutsiya ijtimoiy adolat prinsiplari garovidir

 

Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston XDP Qashqadaryo viloyat kengashi tomonidan Qarshi Muhandislik-iqtisodiyot institutida talabalar bilan davra suhbati tashkil qilindi.

Unda so‘zga chiqqanlar viloyat partiya kengashi raisi o‘rinbosari M.Turopov, institutning O‘zbekiston tarixi kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori, professor, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Yu.A.Ergasheva, viloyat partiya kengashi bo‘lim boshlig‘i Sh.Xudoyqulova Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritdilar.

Xususan, mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga egaligi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi, yagona huquqiy makonning asosini tashkil etishiga taalluqli me’yorlar haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Aynan ushbu jihatlar mustahkamlab qo‘yilgani bilan asosiy Qonun hisoblanishi ta’kidlandi. Konstitutsiya normalarida asosiy e’tibor inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanligini qayd etildi.

Ta’kidlandiki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 1-moddasida davlat qurilishining yangi strategik maqsadi — suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurish ekanligi qat’iy belgilandi. Ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi.

Har bir O‘zbekiston fuqarosi Asosiy Qomusimizni o‘qib, o‘rganishi, o‘zining barcha huquq va burchlarini, majburiyatlarini chuqur anglashi lozimligi to‘g‘risida savol-javoblar, fikr-mulohazalar bildirildi.

 

 

 

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish