O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi Yoshlar sektori tashabbusi bilan Toshkent shahar kengashi binosida «Sun’iy intellekt: kecha va bugun – rivojlanish hamda imkoniyatlar» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti AKT startaplarini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i partiyaning «Yoshlar qanoti» faoli Sh.Etmishboyev ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi.
Muloqot davomida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning paydo bo‘lish tarixi, uning bugungi kundagi imkoniyatlari va kelajakdagi istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, bu borada yurtimizda qanday ishlar qilinayotgani, sohani rivojlantirish yo‘lidagi chora-tadbirlar haqida ham so‘z bordi. Mutaxassislar ishtirokchilar va sohaga qiziquvchi yoshlarning mavzu bo‘yicha savollariga atroflicha javob qaytardi.
Partiya Markaziy Kengash Yoshlar sektori mudiri M.Nizomiddinov "Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi Prezident qarori haqida ma’lumotlar berdi. Hujjatda belgilangan vazifalar hamda ilgari surilgan chora-tadbirlarning ahamiyati xususida fikrlarini bildirdi.