O‘zbekiston XDP: norasmiy sektordagi daromadlarni legallashtirish imkoniyatlarini kengaytirish zarur

 

Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining joriy yil 9 oylik ijrosi to‘g‘risidagi hukumat hisoboti O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida tahliliy muhokama qilindi.

Avvalo, ta’kidlash kerakki, dunyoda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat murakkabligi saqlanib qolayotgan davrda mamlakatimizda ijobiy o‘sish kuzatilmoqda. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan davlat budjeti daromadlari 19 foizga yoki 30 trln so‘mga ortganini muhim natija sifatida qayd etish lozim.

Bu, o‘z navbatida, aholini ijtimoiy himoya qilish, iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash imkoniyatlarini kengaytirdi.

Hisobot davrida budjet xarajatlarining 50 foizi ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgani partiyamiz dasturiy maqsadlarini amalga oshirishda hayotiy ahamiyat kasb etmoqda.

Albatta, erishilgan ko‘rsatkichlar bilan birga, budjet ijrosida kamchiliklar ham kuzatilmoqda.

Fraksiyamiz Hukumat ayrim masalalarga alohida e’tibor qaratishi lozim, deb hisoblaydi.

Birinchidan, norasmiy sektordagi daromadlarni legallashtirish imkoniyatlarini kengaytirish zarur. Bu budjetning daromad qismini ko‘paytirishda muhim manba hisoblanadi.

Ayni masalada qanday aniq choralar ko‘rayotgani, qanday real natijalarga erishilayotgani haqida kerakli ma’lumotlar hisobotda aks etmagan. Fraksiyamiz mazkur yo‘nalishda kelgusida batafsil axborot berib borilishini tavsiya etadi.

Ikkinchidan, Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining mablag‘larini ayrim vazirlik va idoralar o‘zlashtira olmagan. Aksariyat yakuniga yetmagan loyihalarda tender savdolarining kechikishi yoki buyurtmachilarning mahsulotni o‘z vaqtida yetkazib bermasligi asosiy sabab bo‘layotgani ko‘rinadi.

XDP fraksiyasi bu borada Hukumat o‘ziga aniq vazifalar belgilashi, ayniqsa, ijtimoiy sohaga oid tender savdolarini soddalashtirish choralarini ko‘rish lozim, deb hisoblaymiz.

Uchinchidan, partiya fraksiyasi kelgusi hisobotlarda kambag‘allikni qisqartirish borasida tarmoqlarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va loyihalar uchun ajratilyotgan mablag‘larning natijadorligi bo‘yicha aniq ko‘rsatilishiga e’tibor qaratishingizni so‘raydi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi Davlat budjeti ijrosi haqidagi hisobotni ma’qulladi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish