Har bir millat o‘zining davlat madhiyasiga ega bo‘lib, bu madhiyalar orqali o‘zining tarixiy yo‘lini, urf-odatlarini va qadriyatlarini namoyon etadi. Davlat madhiyasi – bu faqat musiqiy asar emas, balki har birimizning qalbimizda o‘chmas iz qoldiruvchi ma’naviy kuch, millat g‘ururi va birdamlik ramzidir. O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi biz, yoshlar uchun, erkinlikka intilgan ajdodlarimizning orzusi va bugungi kunda amalga oshirilgan mustaqillik yutug‘i timsolidir. Bu madhiyani eshitganimizda yuragimizda paydo bo‘ladigan faxr hissi o‘ziga xos kuch-qudrat va mas’uliyat uyg‘otadi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi 1992-yil 10-dekabrda qabul qilingan bo‘lib, Madhiyaning matni O‘zbekistonning mustaqilligi, erkinligi va tinchligi haqida gapiradi. Bu asar, bizning yurtimizning go‘zalligi, xalqimizning jasorati va milliy birlikni ifodalaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi yoshlarimizni birlashtiruvchi, ularga yurtimizga bo‘lgan muhabbat va sadoqatni oshiruvchi muhim omil hisoblanadi. Madhiyamizni kuylash, bizning yuragimizda O‘zbekistonning ulug‘vorligini his qilish imkonini beradi. Shuningdek, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi har bir fuqaroni faxr iftixor bilan to‘ldiradi. U bizning tariximizni, madaniyatimizni va urf-odatlarimizni yodga soladi. Har safar madhiyamizni eshitganimizda, biz o‘zimizni O‘zbekistonning bir qismi sifatida his qilamiz va o‘z yurtimizga bo‘lgan sevgi va sadoqatimizni yangilaymiz. Bu, bizning milliy g‘ururimizni kuchaytiradi va kelajagimiz uchun kuchli asos yaratadi.
Biz yoshlar madhiyani faqat qo‘shiq sifatida emas, balki harakatga undovchi ma’naviy chaqiriq sifatida qabul qilamiz. Madhiyani aytganimizda, biz o‘z zimmamizga ulug‘ ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan qadriyatlarni asrab-avaylash, mustaqil Vatanimizni yanada rivojlantirish mas’uliyatini olamiz. Bu satrlar nafaqat bizning g‘ururimizni oshiradi, balki kelajak uchun yuksak maqsadlar sari qadam tashlashga ilhom beradi.
Bugungi kunda biz yoshlar milliy ramzlarimizni qadrlash va ularning ma’nosini to‘la anglashni o‘zimizning burchimiz deb bilamiz. Davlat madhiyasi bizni o‘zligimizni anglashga, xalqimiz va yurtimiz bilan faxrlanishga undaydi. Madhiyamizning ovozi yangraganida, biz faqat bir lahza tinglamaymiz – biz o‘zimizning millatimiz bilan g‘ururlanamiz, qalbimizda buyuklik sari intilish hissini his qilamiz.
Bu madhiyadan taralayotgan ruh bizni birlashtiradi, kuch bag‘ishlaydi va kelajakda yangi cho‘qqilarni zabt etishga ilhomlantiradi. Shu bois, har safar madhiyamizni kuylayotganimizda yoki eshitayotganimizda, bu ovoz bizning qalbimizda har doim yangrasin va kuch-qudratimizni oshirsin!
Shoxrux O‘ktamov,
O‘zbekiston XDP Farg‘ona viloyat kengashi raisi v.b.