Inson huquqlarini hurmat qilish — asosiy mezon
Inson huquqlarini hurmat qilish — asosiy mezon

 

Ma’lumki, butun dunyoda, shu jumladan, O‘zbekistonda ham 10-dekabr — Xalqaro inson huquqlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Zero, 1948-yil ayni shu sanada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan inson huquqlarini himoya qilish va kafolatlashga qaratilgan xalqaro maydondagi eng asosiy va universal hujjat hisoblangan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan.

Dunyoning eng ko‘p tillariga tarjima qilingan Deklaratsiya haqiqatan ham jahondagi tom ma’noda, universal hujjat sanaladi.

Mana necha yildirki, u mamlakatlar hukumatlari hamda xalqlari o‘rtasidagi o‘ziga xos shartnoma sifatida ko‘rilmoqda. Bu bejiz emas. Chunki ko‘plab xalqaro shartnomalar hamda ko‘plab davlatlarning konstitutsiyalarida Deklaratsiya qoidalari o‘z aksini topgan.

Shu o‘rinda Konstitutsiyamiz normalari ham Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qoidalariga to‘la mos kelishini alohida qayd etish joiz. Xususan, yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi muhim yangi qoida sifatida belgilab qo‘yildi. Eng asosiysi, insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi ekan mustahkamlandi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga alohida ahamiyat qaratilishi, mamlakatimizda oxirgi 7 yil davomida inson huquqlariga bo‘lgan yuksak e’tiborning uzviy davomi bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Jumladan, 2020-yilda ilk bor Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasi va uning “yo‘l xaritasi” qabul qilindi.

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ziyod xalqaro hujjatlarga, jumladan BMTning 7 ta asosiy shartnomalari va 4 ta fakultativ protokollarga qo‘shilgan bo‘lib, ularning amalga oshirilishi yuzasidan tuzilmaning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va shartnomaviy qo‘mitalariga muntazam ravishda milliy ma’ruzalarni taqdim etib kelayotganini qayd etish o‘rinli.

O‘zbekistonning bu boradagi say-harakatlari dunyo hamjamiyati tomonidan ham e’tirof etilayotganini kuzatishimiz mumkin. Jumladan, mamlakatimiz o‘z tarixida birinchi marta BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo etib saylandi. Shuningdek, mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor mamlakatimiz vakili BMTning Inson huquqlari qo‘mitasiga a’zo etib saylandi.

Albatta, bularning barchasi har bir insonning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, Vatan taraqqiyotiga hissa qo‘shishi, xalqiga, ota-onasiga munosib farzand bo‘lishida yaqqol namoyon bo‘ladi. Eng muhimi, barcha huquqlarimiz davlat tomonidan himoya qilinishiga, yurtimiz fuqarolari tengligi kafolatlanishiga zamin yaratadi.

 

Dilbar MAMAJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish