Senator koronavirusga qarshi kurashga munosib hissa qo‘shmoqda
Senator koronavirusga qarshi kurashga munosib hissa qo‘shmoqda

 

Yangiyo‘llik Nina Fazulina 76 yoshda. Turmush o‘rtog‘i Vladimir Demedenko bilan birgalikda uzoq yillar mobaynida “Suvsoz” trestining mahalliy bo‘limida sidqidildan mehnat qilib, pensiyaga chiqdi. Yoshi bir joyga yetganda taqdir taqazosi bilan yolg‘iz qolgan, hozirda ko‘mak va e’tiborga muhtoj bu insonlarning holidan xabar olish maqsadida Oliy Majlis Senati a’zosi Malika Qodirxonova mahalliy Kengash deputatlari bilan birga bu insonlarning xonadoniga tashrif buyurdi. Gap shundaki, hozirda onkologik xastalikka chalingan Nina Fazullina va uning keksalik tufayli salomatligi zaiflashgan  turmush o‘rtog‘i doimiy tibbiy nazorat va yordamga muhtoj. Shuni hisobga olgan holda senator ular uchun uy sharoitida tibbiy ko‘rik va tegishli davolash muolajalarini tashkillashtirib berdi. Bundan tashqari, ushbu oilaga zarur bo‘lgan barcha dori-darmonlar yetkazildi.

Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi a’zosi M. Qodirxonovaning Yangiyo‘l shahri va Zangiota tumaniga uyushtirilgan ushbu safari davomida ko‘plab ehtiyojmand va yolg‘iz insonlarning xolidan xabar olindi, moddiy va tibbiy yordam ko‘rsatildi, antiseptik vositalar ham tarqatildi.

Shuningdek, senator o‘zi borib ko‘rgan xonadonlarda  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  “Koronavirus pandemiyasi va global inqirozli hodisalarning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyatini tushuntirib berdi.

 

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati

← Roʻyxatga qaytish