Keyingi yillarda mahalliy davlat boshqaruvini demokratlashtirish, hududlar taqdiri bilan bog‘liq qarorlarni bir kishi emas, ko‘pning fikri bilan qabul qilish bo‘yicha yaxshi natijalarga erishilmoqda. Xalq deputatlari Kengashlari hozir eng muhim masalalar bo‘yicha qaror qabul qilishda ko‘plab vakolatlarga ega bo‘ldi, bu – Kengashlarning salohiyati, mas’uliyati oshishiga zamin yaratdi.
Shunga yarasha mahalliy Kengashlar faoliyati sezilarli darajada faollashib borishi ham kerak, albatta. Kengashlar uyg‘oq ekan, hududlar rivojlanadi, deputatlar faol ekan, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topiladi. Hozir hamma joyda hayot qaynagan, islohotlarning ko‘lami keng. Ko‘pchilik deputatlarimiz Harakat dasturi ijrosini ta’minlash uchun yangi rejalar tuzish, aniq manzilli chora-tadbirlarni belgilash ishlari bilan band.
Bilamizki, partiyamiz Saylovoldi dasturiga ko‘ra, biz kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishga intilamiz. Bu ijtimoiy barqarorlikning tayanchidir. Shundan kelib chiqib, Harakat dasturida har bir shaxsning Konstitutsiya bilan kafolatlangan ijtimoiy huquqlarini adolatli va samarali amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan.
Men xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashiga 11-Gulbuloq saylov okrugidan deputat bo‘lib saylandim. Yaqinda deputatlarimiz bilan viloyatimizda nogironligi bo‘lgan insonlar uchun yaratilgan to‘siqsiz muhitni o‘rganish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tuzdik. Har bir deputatga shu bo‘yicha hududlardagi real vaziyat bilan tanishib, takliflar tayyorlash vazifasini qo‘ydik. To‘g‘ri, ko‘p hududlarda, ayniqsa, chekka tumanlardagi shohbekatlarda ko‘zi ojizlar uchun elektron axborot eshitish moslamalari, svetofor va maxsus yo‘laklarda nogiron shaxslarni ogohlantiruvchi ovozli elektron jihozlari umuman yo‘q. Bugungi kunda nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin harakati uchun yetarlicha shart-sharoit yaratilmagani hammamizga ayon.
Jamiyatimizda inkluziv ta’limni rivojlantirishga ustuvor e’tibor qaratilyapti. Bu yaxshi. Ammo buning uchun, avvalo, nogironligi bo‘lgan shaxslar ko‘chada, yo‘lda qiynalmasdan, emin-ekin yurishi uchun sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bu masalani esa kechiktirishga haqimiz yo‘q. Shuning uchun birinchilardan bo‘lib Harakat dasturida belgilangan ushbu vazifa ijrosiga yeng shimarib kirishdik. Yaqin kunlarda buning natijasi haqida ma’lum qilamiz.
O‘rol O‘ROZBOYEV,
xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashi deputati.