Hamma yuragi yonib ishlasa, ko‘pdan-ko‘p masalalar yechiladi
Hamma yuragi yonib ishlasa, ko‘pdan-ko‘p masalalar yechiladi

 

Xalq deputatlari Kengashlarini hududlarda mavjud muammolarni hal qiladigan asosiy bo‘g‘inga aylantirish vazifasi bejiz kun tartibiga chiqqani yo‘q. Chunki mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlarimiz joylarda elektorati manfaatlarini ifodalaydigan, himoya qiladigan eng muhim kuchdir. Partiyamizning Harakat dasturi esa bu borada biz uchun dasturulamaldir, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

Dastur partiyamizning, deputatlarimizning barcha g‘oya va maqsadlarini o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatli. Shuning uchun ham unda belgilangan vazifalar hammamizga manzur bo‘ldi.

Xalq deputatlari Andijon viloyat, tuman va shahar Kengashlariga Xalq demokratik partiyasidan 103 nafar deputat saylandi. Bu katta kuch degani. Zotan, mahalliy Kengash nazorat organi hisoblanadi. Deputatlarni xalq saylaydi.

Shaxsan o‘zim deputatlik faoliyatimning ilk kezlarida xalq vakili bo‘lishning mas’uliyatini, vazifalarini anglab olishga harakat qildim. Ishni odamlarga, jamiyatga yaqinlashishdan boshladim.

Yaqinda deputatlik guruhi yig‘ilishida partiyamizning 2024-2029-yillarga mo‘ljallangan Harakat dasturini ijro etish masalasini muhokama qildik, vazifalarni belgiladik. Har bir deputat saylov okrugi bo‘yicha, saylovchilar xohish-irodasi, shahar va qishloqlardagi real holat bo‘yicha takliflarini bildirdi. Izchil deputatlik nazoratini olib borish bo‘yicha reja tasdiqlandi.

Masalan, partiyamizning Harakat dasturida viloyatlarning ko‘p tarmoqli tibbiyot va tibbiy diagnostika, bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari hamda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarini zamonaviy tibbiyot texnikasi va texnologiyalari hamda tegishli mutaxassislar bilan ta’minlash bo‘yicha dastur qabul qilish vazifasi belgilangan. Partiya guruhlari har bir hududning ehtiyojlarini o‘rganib, tegishli davlat dasturi hamda hududiy dasturlarini tasdiqlash va amalga oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishi kerak. Bu fuqarolarimizga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, ularning salomatligini asrash, kasalliklarni vaqtida aniqlash imkonini beradi. Shu jihatdan olib qarasak, ushbu vazifaning ahamiyati nechog‘lik muhimligi oydinlashadi.

Har bir deputat Harakat dasturida belgilangan maqsad va vazifalar mohiyatini, ahamiyatini chuqur his qilishi kerak, deb o‘ylayman. Endi tasavvur qiling, har bir tuman, shahar, viloyatning qanchadan-qancha deputati, xalq saylagan vakillari bor. Hamma yuragi yonib ishlasa, ishonchni oqlash uchun behalovat bo‘lsa, qanchadan-qancha murojaatlar hal bo‘ladi, odamlarni o‘ylantirayotgan ko‘pdan-ko‘p masalalar yechiladi. Shunday masalalar borki, vaqt ham, katta mablag‘ ham talab etmaydi. Shunchaki e’tiborning o‘zi hal qilish uchun yetarli. Faqat deputat saylovchilari uchun jon kuydirsa, bas.

 

Durbek ABDURAHMONOV,

xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashi deputati.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish