Davlatimiz rahbari selektor yig‘ilishida O‘zbekiston – ijtimoiy davlat ekani, Konstitutsiyamizda mustahkamlangan ushbu tamoyil asosida mehr va ko‘mak tizimi aholiga yaqinlashtirilgani, barcha hududlarda “Inson” markazlari ochilib, 102 ta ijtimoiy xizmat mahallalarda yo‘lga qo‘yilgani to‘g‘risida gapirdi.
Ta’kidlandiki, ijtimoiy xodimlar uyma-uy yurib, shu yil reyestrda bo‘lmagan yana 95 ming muhtoj odamga yordam ko‘rsatdi. 51 ming odamga nogironlik belgilandi, 26 ming nafariga esa protez uskunalari berildi. Shuningdek, yotib qolgan 4 ming yolg‘iz keksa aniqlanib, ularga uyining o‘zida parvarish tashkil etil. Nogironligi bor 5 ming nafar bola bog‘cha-maktabga joylashtirildi. Bunday manzilli ishlar tufayli xalq qabulxonalari va hokimliklarga ijtimoiy xizmat va yordam bo‘yicha murojaatlar 35 foiz kamaygani e’tirof etildi.
Ijtimoiy himoyani kuchaytirishda faol ishtirok etish muhim siyosiy vazifamizdir.
Aytish kerakki, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining saylovoldi Dasturida ayni ushbu yo‘nalishlarda alohida maqsadlar belgilangan. Xususan, 2- va 3-qadamlarida bayon etilgan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sharoitlarni yanada yaxshilash, aholining pensiyaga chiqishdagi kafolatli huquqlarini yanada mustahkamlash bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan belgilangan vazifalarda bu jihatlar yaqqol aks etgan. Dasturning 7-qadamida bayon etilgan malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida "Davlat tibbiy sug‘urta" tizimini ishga solish bo‘yicha qonun qabul qilish tashabbusi ilgari surilgan. Yig‘ilishda ayni shu masalaga uyg‘un fikrlar, topshiriq va ko‘rsatmalarning belgilanishi barchamizni birdek quvontirdi. Zero, bu partiyamiz maqsad va g‘oyalari amalga oshirishda bizga dasturilamal bo‘ladi.
Selektorda aytilgan tanqidiy tahliliy fikrlar, qo‘yilgan topshiriqlarning ijrosidan elektortaimiz vakillari to‘liq manfaatdordir. Demak, ularning ijrosi ustidan deputatlik nazoratini kuchaytirish, ijro organlari bilan hamkorlikni izchil yo‘lga qo‘yish va amaliyotga samarali tatbiq etishda bosh-qosh bo‘lish ham kasbiy, ham insoniy burchimizdir.
Gulnora ISMOILOVA,
Andijon viloyat AKM direktori,
xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi a’zosi.