Kecha biz yana bir tarixiy voqeaga guvoh bo‘ldik. Davlatimiz rahbari yangi energetika quvvatlarini ishga tushirish hamda navbatdagi loyihalar qurilishiga start berishga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etib, aholini va iqtisodiyotimizni barqaror energiya bilan ta’minlash istiqbollari haqida muhim fikrlarni bildirdi.
Umumiy qiymati 7 milliard dollardan ziyod 24 ta loyiha ishga tushirilishi mamlakatimizda energetika tizimi barqarorligini oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlarning ko‘lamini ko‘rsatib turibdi.
Quvonarli reja va loyihalar shular bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Shu kunlarda Farg‘ona, Samarqand, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida 2,5 ming megavattli 6 ta elektr inshooti qurilish arafasida turgani qayd etildi.
Yirik loyihalarning asosiy qismi chet el investitsiyalari hisobiga ishga tushirilayotgani yurtimizdagi siyosatga, iqtisodiyotimizning istiqboliga va albatta xalqimizning bunyodkorlik salohiyatiga yuqori ishonchning amaliy ifodasi hisoblanadi.
Energiya barqarorligi islohotlar samarasi uchun, hududlarning, soha va tarmoqlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun, har bir inson uchun juda muhim. Yangi loyihalar orqali kelgusi yillarda qo‘shimcha 9,5 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqarilib, 2,5 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi, 4,6 million tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi. Eng muhimi, 4 milliondan ziyod xonadon uzluksiz toza energiya bilan ta’minlanadi. Bu iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham 4 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratishga turtki beradi.
Yana bir masalani unutmaslik kerak. Ya’ni, energetika sohasidagi o‘zgarish va yangiliklar nafaqat ichki siyosatda hamda iqtisodiyotda, balki mamlakatning tashqi siyosatida, turli davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarda strategik ahamiyat kasb etadi.
Energo-tizimda barqarorlikka erishilishi aholi turmush darajasi yaxshilanishi uchun xizmat qiladi. Yangi ish o‘rinlari, doimiy daromad manbalari yaratiladi, ishlab chiqarish va servis rivojlanadi. Shuning uchun ham Xalq demokratik partiyasi bu yo‘nalishdagi zarur islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bilan birga, soha rivojiga javobgar mutasaddi idora va tashkilotlar yanada mas’uliyatli bo‘lishi muhimdir.
Ulug‘bek Inoyatov,
Oliy Majlis Qonunchiik palatasidagi
O‘zXDP fraksiyasi rahbari.