Deputatlik — saylovchilarning ishonchi demakdir. Shu ishonchni oqlash uchun qonunlarimizda xalq noiblarining huquq va majburiyatlari, shu bilan bir qatorda faoliyatining asosiy kafolatlari belgilab qo‘yilgan. Hududlarda davom etayotgan seminarlar bu fikrlar ta’kidlanmoqda.
Qashqadaryoda ham ana shunday o‘quv tashkil etildi. Unda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova yangi saylangan deputatlarga faoliyat samaradorligini oshirish bilan bog‘liq masalalarda tavsiya va ko‘rsatmalar berdi.
Seminarda, shuningdek, mahalliy Kengashlar va deputatlar faoliyatini samarali tashkil etish, xususan, Kengashlarning norma ijodkorligiga oid faoliyatini takomillashtirish, qaror qabul qilishda qonuniylikni ta’minlash masalalarida so‘z bordi. Qolaversa, nazorat-tahlil faoliyatini kuchaytirish, uning ta’sirchanligini oshirish, mahalliy budjetni shakllantirishda deputatlarning faol ishtirokini ta’minlash muhimligi qayd etildi. Aholi muammolarini o‘rganish va hal etishda “mahalla yettiligi” hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, mahalliy budjetning, hududlarni rivojlantirish dasturlarining bajarilishini nazorat qilish, qonunlar ijrosini ta’minlash hamda ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining hisobot va axborotlarini eshitishning ta’sirchan mexanizmlarini tatbiq etish masalalariga urg‘u berildi.
Ta’kidlanganidek, deputatlarning bugungi kunda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini “Kuchli kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida tashkil etishda yana-da takomillashtirish va faollashtirish ustuvor vazifasi bo‘lishi lozim. Deputatlar uyg‘onishi kerak. Deputatlar uyg‘onmasa, jamiyatimizda hech qachon muvozanat bo‘lmaydi. Zero, Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, mahalliy Kengashlarning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni hamda rolini oshirishdagi ustuvor vazifalar ishonch va katta mas’uliyat demakdir.