G‘oya-tashabbuslarimiz “yo‘l xaritasi”
G‘oya-tashabbuslarimiz “yo‘l xaritasi”

 

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari vakillari bizning elektoratimiz, bizga yaqin bo‘lgan insonlardir. Shu nuqtai nazardan aytish mumkinki, videoselektor yig‘ilishda belgilangan vazifalar partiyamiz g‘oya va tashabbuslarini amalga oshirishda “yo‘l xaritasi” vazifasini bajaradi.

Sir emaski, nogironligi bo‘lgan shaxslarning masalalarini o‘rganish va ularga yechim topishga qaratilgan g‘oyalar partiyamiz uchun ustuvor vazifalar sirasiga kiradi. Bu toifa insonlar hamda ularning qarovchilariga qulaylik yaratish borasida qonuniy choralarga ehtiyoj bor edi. Mazkur yo‘nalishda eng muhim qadamlardan biri yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda O‘zbekiston ijtimoiy davlat deb belgilangani bo‘lsa, Prezident tashabbusi bilan Ijtimoiy himoya agentligi va uning joylarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyat boshlagani sohada yangi tashabbuslarga eshik ochdi.

Aslida bu ishlar osonlik bilan amalga oshmayapti. Ularning zamirida katta mehnat, mashaqqat va mablag‘ zarur. O‘zbekiston dunyoda kuzatilayotgan global inqirozlarga qaramay ushbu vazifaning uddasidan chiqmoqda.

XDP Andijon viloyat Kengashidagi partiyamiz guruhi shahar, tumanlardagi deputatlik guruhlari bilan birgalikda yolg‘iz yashaydigan qariyalarning ahvoli, ularga ko‘rsatilayotgan xizmatlar va yordamlarning sifatiga doimiy e’tibor qaratib kelamiz. Shuningdek, maktabga qatnash imkoni bo‘lmagan bolalarga uyda yakka tartibda ta’lim berish, birlamchi tibbiyot muassasalarida ko‘p bolali, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalarga tibbiy xizmatlar ko‘rsatishning holati kabi masalalarni uyma-uy o‘rganamiz. Yurtdoshlarimiz bilan suhbatlashganimizda ularning bugungi o‘zgarishlardan mamnunligiga guvoh bo‘lamiz va bu bizga kuch beradi.

13-dekabrda Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ehtiyojmand hamyurtlarimizga ko‘rsatiladigan xizmatlar va yordamlar natijadorligi yanada ortishini eshitib, ilhomlandik. Yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalar kelgusi faoliyatimizda dasturulamal bo‘ladi.

 

Muqaddasxon SULTONOVA,

O‘zbekiston XDP Andijon viloyat kengashi raisi,

viloyat Kengashidagi partiya guruhi rahbari.

«O‘zbekiston ovozi», 18.12.2024, №51

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish