To‘g‘risini aytsam, inson oldiga katta reja va maqsadlar qo‘yishi hamda ularni amalga oshirishi uchun ham imkoniyat, sharoit va qo‘llov kerak bo‘ladi. Davlatimiz rahbari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aytilgan fikrlar ayni ko‘nglimdagi gap bo‘ldi. Chunki endilikda nogironligi bor bolalar uchun teng imkoniyat va sharoit yaratilishi mening eng katta istaklarimdan biridir.
Yig‘ilishda bog‘cha va maktab yoshidagi nogironligi bor bolalarning asosiy qismi maxsus maktab-internatlarda, ota-onasidan uzoqda ta’lim olishi tanqid qilindi.
Shunisi aniqki, imkoniyati cheklangan bolalar ko‘proq oilasi va yaqinlari mehriga ehtiyoj sezadi. Boshqalar bilan o‘zini teng ko‘rishi uchun ularga sharoit va qarov zarur. Masalan, so‘ngi yillarda ta’lim sohasiga zamonaviy texnologiyalar, Internet, elektron dasturlar kirib keldi. Nogironligi bor bolalarga bu dasturlarni o‘zlashtirishi uchun ma’lum bir vaqt va maxsus ustozlar talab etiladi.
Davlat rahbari 1 sentabrgacha 954 ta maktabda inklyuziv sinf tashkil qilinib, yana 1 ming 800 nafar nogironligi bor bola ta’lim olishi uchun sharoit yaratilishini aytib o‘tdi. Ushbu tashabbusni mahalliy Kengash deputati, qolaversa, imkoniyati cheklangan shaxs sifatida qo‘llab-quvvatlayman. Sababi, o‘zim ham Toshkent davlat transport universiteti yurisprudensiya yo‘nalishida inklyuziv ta’lim olaman. Bu turdagi ta’limning mashaqqati va talabalarini yaxshi tushunaman.
Bizning Quva tumanimizda 6 ming 384 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar mavjud bo‘lib, ulardan 1 ming 3 nafari bolalikdan nogiron. Bu toifadagi bolalarda o‘zlariga bo‘lgan ishonchni yanada oshirish, ularni rag‘batlantirish hamda boshqalar bilan teng huquqlarga ega ekanini tushuntirish lozim. Tushuntiribgina qolmay, ular buni his qilishlariga ko‘maklashish talab etiladi. Bunda tumandagi mutasaddi rahbarlar bilan birgalikda joylarda sport va sog‘lomlashtirish markazlariga imkoniyati cheklangan bolalarni jalb qilish kerak bo‘ladi. Ular uchun turli ko‘ngilochar va ommaviy tadbirlar tashkil etish orqali jamiyatga kengroq jalb qilish mumkin.
Obloberdi OLIMOV,
O‘zbekiston XDP Farg‘ona viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari,
xalq deputatlari Quva tuman Kengashidagi partiya guruhi a’zosi.
«O‘zbekiston ovozi», 18.12.2024, №51