Konstitutsiyamizda davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq normalar 3 barobarga ko‘paytirilib, ijtimoiy davlat modelini amalga oshirish mexanizmlari belgilangan. Asosiysi, bu mexanizmlar izchillik bilan hayotga yo‘naltirilmoqda.
Ijtimoiy himoya sohasiga oid ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bildirilgan fikrlar, belgilangan vazifalar sohaga shaffof baho berish, kelgusi rejalarni aniqlab olish imkonini ham berdi.
Xususan, kambag‘allikni qisqartirish borasida qator takliflar berildi. Ta’kidlandiki, avvalo, kambag‘al oila farzandlarini chet tili, IT va kasb-hunarga o‘qitish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi. 2025-yilning 1 martiga qadar to‘garaklar ochib, kambag‘al oiladagi 118 ming yoshlarni o‘qitish boshlanadi va to‘garak xarajatining 80 foizgacha qismi budjetdan qoplanadi.
Kambag‘al oilalar farzandlarini tayyorlab, 2025-yilda 3,5 ming yigit-qizni oliygohga grant asosida qabul qilish zarurligi qayd etildi. Buning uchun oliygoh rektorlari ham bosh-qosh bo‘ladi. Ya’ni, kambag‘al oiladan jami 4 ming nafar yoshlarni o‘qitish ularga vazifa sifatida topshirildi.
Nega aynan yoshlar? Sababi, kambag‘allikka tushib qolish xavfi aholining zaif qatlami, ya’ni, yoshlar, xotin-qizlar va ehtiyojmand kishilarda ko‘proq bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, yoshlarni kasb-hunarli, bilimli qilish jamiyat uchun, davlat uchun juda muhimdir.
To‘g‘risi, belgilangan vazifalarni amalga oshirish oson bo‘lmaydi. Davlat rahbarining qat’iyati, irodasi va oqilona siyosatiga yelka tutish, uning ijrosini ta’minlash, nazorat o‘rnatish, har bir mutasaddining mas’uliyatini oshirish kabi ustuvorliklar maqsadga erishishga turtki beradi. Chunki xalqimizning mamlakat yetakchisi tomonidan qo‘yilgan topshiriqlar ijrosidan umidlari katta.
Xalq demokratik partiyasi bu islohotlarni to‘la qo‘llab-quvvatlaydi. Mahalliy Kengashlar va barcha darajadagi partiya tashkilotlari ularning ijrosini ta’minlashda bevosita ishtirok etishga, nazorat o‘rnatishga va hamkorlikka tayyor.
Muzaffar TUROPOV,
XDP Qashqadaryo viloyat kengashi raisi o‘rinbosari.
«O‘zbekiston ovozi», 18.12.2024, №51