Chindan ham, deputatlik bu maqom yoki vakolat emas, bu odamlarning ishonchi demakdir. Shu ishonchni oqlash uchun qonunlarimizda xalq noiblarining huquq va majburiyatlari, shu bilan bir qatorda faoliyatining asosiy kafolatlari belgilab qo‘yilgan.
Shundan kelib chiqib, xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashi deputatlari M.Tarobiy mahallasida aholi bilan muloqot qildi. Mahalladagi mavjud muammolarni o‘rganishdi.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur MFY maydoni 500 gektardan ziyod. Ammo shunisi ham borki, mahalla binosi aholi borishiga noqulay joyda. Murojaatlarda uni aholiga qulay manzilga ko‘chirish bo‘yicha yordam so‘raldi.
Shuningdek, Buxoro tumanining 5 ta qishlog‘i Buxoro shaharga qarashli ekani va aholi mulk soliqlarini Buxoro tuman soliq inspeksiyasiga to‘lov qilishlari, tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan aholi qatlami kredit olishda muammolarga duch kelayotgani aniqlandi. Ushbu masala ham mutasaddilar bilan kelishilgan holda hal etiladigan bo‘ldi.
Aholi MFYda ichki yo‘llar ta’mirtalab holatga kelib qolganidan norozilik bildirdi. Qayd etildiki, 37 km yo‘ldan 2,5 km asfaltlashrilgan xolos. Buxoro tumaniga tegishli bo‘lgan 4 ta ko‘chani shahar deputatlari shag‘allashtirib bergan. Qolgan qismi esa uzoq yillardan buyon noqulay ahvolda qolmoqda.
Bundan tashqari, o‘troq joylar qonuniylashtirilmagan, shu bois fuqarolar o‘rtasida tortishuvlar kelib chiqmoqda. 500 dan ortiq xonadonda hech kim yashamasligi sababli bu xonadonlarga tegishli bo‘lgan buyumlar begona shaxslar tomonidan o‘g‘irlanib ketilmoqda, jinoyatchiliklar ham shu sababli kelib chiqmoqda.
Odamlarning bu kabi kundalik tashvishlari deputatlarni hushyor qildi. Noiblar har bir masalaning yechimi bo‘yicha fikrlarini hamda o‘zlarining tashabbuslarini ham bildirdilar. Jumladan, MFY yoshlari chet tillarni o‘rganishi uchun Pedagogika institutida o‘quv markazi tashkil etish taklifi berildi.
Bundan tashqari, hududdagi 9 ta ko‘p kvartirali uylarda, uy-joy fondini birgalikda boshqarish hamda uni saqlash, asrash va ta’mirlashni ta’minlash uchun ixtiyoriy birlashma sifatida xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining tashkil etilmagan, 3 ta 2 qavatli uy yaroqsiz holga kelib qolgan, chunki bu uylarning qurilganiga 50 yildan ortiq vaqt bo‘lganligi aniqlandi.
Mahallada 118 ta nogiron va 25 dan ortiq ayollarimiz onkologiya kasalligiga chalinganligi aniqlanib, shahar deputatlari ularga moddiy yordam va dori-darmonlarini olib berishga yordam qo‘lini cho‘zgan. Mana shu kasalliklarning oldini olish maqsadida, mahallada joriy yilning 21 dekabr kuni xotin-qizlar uchun tibbiy ko‘rik tashkil qilish taklifi berildi.
Murojaatlar qayd etilib, yechimi bo‘yicha xabardorlik va nazorat o‘rnatilishi ta’kidlandi.