Keyingi yillarda mahalliy davlat boshqaruvini demokratlashtirish, hududlar rivoji bilan bog‘liq qarorlarni bir kishi emas, ko‘pning fikri bilan qabul qilish bo‘yicha salmoqli natijalarga erishilmoqda. Xalq deputatlari kengashlari hozir eng muhim masalalar yuzasidan qaror qabul qilishda ko‘plab vakolatlarga ega bo‘ldi. Bu kengashlarning salohiyati, mas’uliyati oshishiga zamin yaratdi. Shunga yarasha mahalliy Kengashlar faoliyati sezilarli darajada faollashib borishi ham kerak. Kengashlar uyg‘oq ekan, hududlar rivojlanadi, deputatlar faol ekan, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga hayotiy yechim topiladi.
Yaqinda xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashidagi partiyamiz guruhi tashabbusi bilan viloyat qurilish va uy- joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasida Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasining qo‘shma majlisi o‘tkazildi. Unda davlatimiz rahbarining “Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Zohidjon Zokirovning hisoboti eshitildi. Aytish kerakki, ushbu tadbir partiyamiz Harakat dasturi doirasida O‘zXDP deputatlari tashabbusi bilan tashkil qilindi.
Hozir viloyatda 2 ming 286 ta ko‘p kvartirali turar joy bor. Ularning 45 tasi pudratchi va 2 ming 167 tasi boshqaruv servis kompaniyalariga, qolgan 74 tasi boshqa idora va tashkilotlarga biriktirilgan. Ma’lum bo‘lishicha, viloyatdagi 161 mingga yaqin aholi istiqomat qilib kelayotgan ko‘p qavatli uy-joylardagi 58 mingdan ortiq xonadonga 68 ta boshqaruv servis kompaniyalari xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
2024 yilda kompaniyalar hisobiga tushgan mablag‘lar evaziga 367 ta uyning tom qismidan yerto‘lagacha bo‘lgan qismi ta’mirlangan. Ya’ni, reja ortig‘i bilan bajarilgan. Hozirda ko‘p qavatli uylarning 4 tasida fasad qismini, 6 tasida kirish yo‘laklarini ta’mirlash, 3 tasida yerto‘la muhandislik kommunikatsiyalari, 17 tasida energiya tejovchi sensor lampalar o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.
Yig‘ilishda, shuningdek, ko‘p qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash chora-tadbirlari atroflicha muhokama qilindi.
Ayon bo‘lishicha, viloyatda 11 ta qozonxona bor. Issiqlik korxonasi tasarrufidagi 27 ta qozonning 8 tasi, 44,4 km issiqlik tarmoqlarining 15,7 km qismi ta’mirtalab. Joriy yilda ushbu qozonlarni va 2,95 km issiqlik tarmoqlarini ta’mirlash rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda 3 ta qozon va 0,5 km issiqlik tarmoqlarida belgilangan ishlar bajarildi.
Shu bilan birga, viloyat hokimining qaroriga asosan mahalliy budjet mablag‘laridan qozonxonalar va issiqlik tarmog‘ini kuz-qish mavsumiga qadar mukammal ta’mirlash maqsadida 1 mlrd. 270 mln. so‘m ajratilib, tenderda g‘olib bo‘lgan “Quvonchbek Bunyodkori” MCHJ tomonidan qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi.
Yig‘ilishda partiyamiz deputatlari saylovchilarning kommunal xizmatlar bilan bog‘liq muammo va takliflari yuzasidan mutasaddi tashkilotlar vakillariga murojaat qilishdi. Kommunal sohaga daxldor xizmatlarning ish sifati va samaradorligini oshirish choralariga urg‘u berildi.
Albatta, bu kabi hisobotlar, idora-tashkilotlarning mahalliy Kengashlar oldidagi hisobdorligi hududlarni rivojlantirish, aholini o‘ylantirayotgan masalalarni bartaraf etishda muhim o‘rin tutadi.
Olim RAVSHANOV,
O‘zXDP Qashqadaryo viloyat Kengashi raisi,
xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya guruhi rahbari.
«O‘zbekiston ovozi», 18.12.2024, №51