Xalq deputatlari Farg‘ona viloyat, shahar va tuman Kengashlariga partiyamizning 115 nafar deputati saylandi. Viloyatimizda XDPning 19 ta deputatlik guruhlari tuzildi. Bu katta kuch degani. Joylardagi ko‘plab masalalar qay darajada samarali hal etilishi, vakillik hokimiyatining o‘zgarishi yuragida o‘ti bor deputatlar ko‘payishiga ham bog‘liq.
Shu ma’noda barcha deputatlar bir yoqadan bosh chiqarib, yelkama-yelka turib, hududlarda bo‘layotgan jarayonlarga, olib borilayotgan islohotlarga befarq bo‘lmasdan faoliyat yurityapmiz. Shahar va qishloqlar taraqqiyotiga xizmat qiladigan reja va dasturlarni belgilab olganmiz.
Ochig‘ini aytganda, bugun mahalliy Kengashlar ilgariga qaraganda ancha faollashgan. Kengashlarda bir qator dolzarb masalalar bo‘yicha hisobotlar tinglanmoqda, qarorlar muhokama uchun taqdim etilmoqda. Yangi saylangan deputatlarni o‘qitish ishlari ham tizimli ravishda tashkil etilgan. Ular o‘z salohiyatini, bilimini amalda ko‘rsata olyapti.
Masalan, yaqinda xalq deputatlari Quva tuman Kengashining navbatdagi VII chaqiriq ikkinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda partiyamiz elektorati bo‘lgan nogironligi bo‘lgan insonlar manfaati bilan bog‘liq bir qator masalalarni muhokama qildik.
Sessiya kun tartibiga asosan dastlab sohaga tegishli qarorlar ijrosini ko‘rib chiqdik. Shuningdek, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi rahbarining hisoboti tinglandi.
Hisobotga ko‘ra, tumanda joriy yil boshidan buyon 72 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs bandligi ta’minlangan. Yaqinda yana 21 nafar nogironligi bor fuqaro ishga kirishi uchun tegishli tashkilotlarga yo‘naltirildi. Biz ularning bandligini ta’minlash masalasini qat’iy nazoratga olganmiz.
Sessiyada, shuningdek, nogironligi bo‘lgan insonlar uchun obyektlar va xizmatlarning qulayligi, ularga to‘siqsiz muhit yaratish bilan bog‘liq takliflarimizni berdik.
Ushbu sessiyada o‘tirib, deputatlar faolligi haqida o‘yladim. Hozir yonib turgan, mard, o‘z fikrini dadil ayta oladigan deputatlarimiz juda ko‘p. Bunday deputatlar maqsadiga erishmay qo‘ymaydi. Shuning uchun hozir sessiyalar ancha munozarali, savol-javob va qizg‘in kechyapti. Yaxshi takliflar va fikrlar paydo bo‘lyapti. Ammo faqat sessiyalarda hisobot berish, qaror qabul qilish bilan ish bitmaydi. Albatta, ularning ijrosi nazoratga olinishi, bir masalaning yechimi uchun oxirigacha kurashish shart va zarur.
Maxammatsoli MELIBAYEV,
xalq deputatlari Quva tuman Kengashi deputati.
«O‘zbekiston ovozi», 18.12.2024, №51