Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengash tomonidan hududlarda yangi saylangan deputatlar ishtirokida “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari rolini oshirish va faoliyatini takomillashtirish” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi, viloyat, shahar va tuman kengashi mas’ullari, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda partiya Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisidagi Prezident ma’ruzalaridan kelib chiqib belgilangan vazifalarga to‘xtalib o‘tdi. Yangi saylangan deputatlar oldida turgan ustuvor vazifalar, g‘oya va tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishda partiya guruhlarining roli va o‘rni haqida tushunchalar berdi.
Shuningdek, deputatlik vakolatlaridan samarali foydalanish, deputatlik nazorati institutini qo‘llash amaliyoti, so‘rov yuborishning qonuniy mezonlari haqida batafsil so‘z yuritildi.
Ushbu keng qamrovli vazifalarni bajarishda partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalarining doimiy hamkorligini ta’minlash, huquqiy imkoniyatlardan to‘liq foydalanish dolzarb ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Seminarda mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligini oshirish, qarorlar qabul qilishda ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylikni ta’minlash bilan bog‘liq muhim masalalarga e’tibor qaratildi. Doimiy komissiyalar, partiya guruhlari hamda deputatlar faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish, saylovchilar bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish ham kun tartibidan o‘rin oldi. Mas’ullar Kengash faoliyatini raqamlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.
Muhimi, deputatlarda uyg‘oq fikr, uyg‘oq vijdon va har bir masalaga nisbatan qat’iy fuqarolik pozitsiyasi shakllanmas ekan, islohotlar samarasi kutilganidek bo‘lmasligi qat’iy ta’kidlandi.
Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat qilib, fikr-mulohazalarini bildirdi.