Tadbirkor yurtga madadkor
Tadbirkor yurtga madadkor

 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizda tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha joriy yil yakunlari va 2025-yilga asosiy rejalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida dolzarb masalalar ko‘tarildi. Ayniqsa, joylarda hokimlar har bir tadbirkor bilan ko‘proq muloqot qilgan holda korxonalarga borib, ularning dardi bilan yashashi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Albatta, buning tasdig‘ini statistik ma’lumotlardan ham ko‘rishimiz mumkin. Bugun qaysi sohadagi rahbar bo‘lmasin, jon kuydirib, tadbirkorlar bilan ishlab, ularning muammosini hal etgan bo‘lsa, o‘sha hududlarning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari yildan-yilga o‘sib bormoqda. Bundan anglashiladiki, o‘zaro muloqot amaliy ishlar samaradorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

Yana bir ahamiyatli jihati, biznes uchun yo‘l, suv, elektr, gaz, temir yo‘l kabi infratuzilma obyektlarini yaxshilashga joriy yilda 35 trln. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani, kelgusi yilda yana 43 trln. so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgani quvonarli hol, albatta.

Davlatimiz tomonidan tadbirkorlikning bunday qo‘llab-quvvatlanishi, ularga kerakli shart-sharoitlarning yaratib berilishi, aniq ayta olamizki, bu yil erishgan natijalarimizdan ko‘ra, ikki barobar ko‘p natijalarga erishishimiz uchun mustahkam zamin yaratadi. Buning natijasida minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, eksport hajmarining oshishiga va albatta, davlatga soliq tushumlari ko‘payib, eng asosiysi, kambag‘al oilalarni kambag‘allikdan chiqarib, doimiy daromadli ish bilan ta’minlashga asos bo‘ladi.

Prezidentimiz mintaqadagi eng qulay va jozibador biznes muhitini saqlab qolish uchun barqaror soliq siyosati davom ettirilishini ta’kidladi. Jumladan, hayotiy zarur xarajatlarni moliyalash uchun budjet tushumlari qanchalik zarur bo‘lmasin, asosiy soliqlar bo‘yicha stavkalar o‘zgartirilmaydi. Shu bilan birga, 1 yanvardan boshlab, yer yoki davlat mulki QQSsiz sotiladi, mobil aloqa uchun aksiz solig‘i (10 foiz) bekor qilinadi. Albatta, bular tadbirkorlar faoliyatini yanada kengaytirishlari uchun asos yaratadi.

Bugungi murakkab geosiyosiy sharoitga qaramay, iqtisodiyotimiz 6,3 foizga oshib, 111 milliard dollardan ko‘paygani, shubhasiz, e’tiborga molik. Qolaversa, sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasiga 38 milliard dollar investitsiya kirgani, eksport 26 milliard dollardan oshgani ham iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda ayni muddaodir.

Davlatimiz rahbari tadbirkorlarning ezgu maqsad bilan ilgari suradigan har qandan g‘oya va tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. O‘z navbatida, biz, deputatlar jamiyatimizning eng ilg‘or vakillari huquq va manfaatlarini ta’minlash, ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish, sohaning huquqiy asosini takomillashtirishga oid ishlarimiz natijadorligini kafolatlashimiz ayni muddaodir.

 

Shokirjon AHMЕDOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi a’zosi,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish