Har bir qabul qilinayotgan qonunlarning ortida ma’lum bir hudud aholisi, uning fuqarolarining qarashlari, ehtiyojlari yotadi. Inson manfaatlariga xizmat qiluvchi qonunlarni ishlab chiqish – davlat va jamiyatning ham iqtisodiy, ham ijtimoiy farovonligini ta’minlashning muhim indikatori hisoblanadi.
O‘zbekiston XDPning navbatdagi fraksiya yig‘ilishida deputat Sh.Nazarov O‘zbekiston Respublikasi ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish masalalari, xususan aholining chiqindilardan qarzdorligi aniqlangan taqdirda, ularni elektr tarmog‘idan uzilishi borasida mutasaddi tashkilot vakillariga bir qator savollar bilan yuzlandi:
“birinchidan, ushbu qonunni birinchi o‘qishdagi muhokamasida daxldor tashkilot vakillari to‘lovlar yangi qonun kuchga kirgandan so‘ng amal qilishi boshlanishini aytishgan edi; ikkinchidan, esa qonunda aynan qaysi muddatdan boshlanishi haqida norma yo‘qligi, aniq muddatni belgilash lozimligini, aks holda aholi o‘rtasida tushunmovchiliklar, avvalo, to‘lovlarni amalga oshirishda norozilik kayfiyati vujudga kelishi” mumkinligini ta’kidladi.
Shuningdek, fraksiya a’zolari ham ushbu qonunning zaruriyatini ta’kidlagan holda, unga tegishli bo‘lgan normalarning amaliyot bilan bog‘liqligini kuchaytirish, xususan, normalarni aniq va sodda tarzda belgilash, o‘zgarishlar haqidagi targ‘ibotlarni keng jamoatchilikka to‘g‘ri, qisqa, ochiq tarzda amalga oshirish lozimligini, shundagina qonun qabul qilishdan ko‘zlangan ijobiy maqsadlarga erishish mumkinligini ko‘rsatib o‘tdilar.
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi
Axborot xizmati.