2024-yildagi natijalar yangi kuch beradi
2024-yildagi natijalar yangi kuch beradi

 

Dunyo mamlakatlari Yangi yilni yangi orzu-umidlar bilan kutib olishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Yangi yil – bu yangilanish, yangi umidlar va yangi imkoniyatlar davri. Har yili bo‘lganidek, Yangi yil bo‘sag‘asida o‘tgan yilga yakun yasalib, kelajak uchun rejalar tuziladi.

Vatanimizda joriy yil qator siyosiy, ijtimoiy voqealarga boy bo‘ldi, deb ayta olamiz. Xalqimiz tomonidan qabul qilingan yangilangan Konstitutsiya asosida Oliy Majlisga va mahalliy Kengashlarga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Saylovlar mamlakatimizda ijtimoiy davlat qurishdek ezgu maqsadni o‘z oldiga qo‘ygan mehnatkash xalqimizning deputatlarni demokratik asoslarda tanlab olish imkoniyatidir.

Xalq demokratik partiyasi ham ushbu saylovlarga katta tayyorgarlik bilan ishtirok etdi. Mahallalarda yurib, faollar bilan kengashib, bugun odamlarni o‘ylantirib turgan muammolar va ularning yechimi taklif etilgan Saylovoldi dasturi fuqarolarimizdan “xalqchil dastur” degan e’tirofni qozondi.

Saylov natijalariga e’tibor bersak, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida nomzodlarimiz 20 o‘ringa ega bo‘lib, Oliy Majlis Senatiga saylangan 16 nafar ayollarning yetti nafari, ya’ni, 43,7 foizi partiyamiz vakillaridir.

Viloyatlar Kengashlaridagi 725 deputatlik o‘rnidan 149 tasi partiyamizga tegishli bo‘ldi. Bu 20,5 foizga teng bo‘lib, ikkinchi o‘rindamiz.

Shuni ham e’tirof etish kerakki, Andijon viloyati Kengashida 27 foiz, Namangan viloyati Kengashida 25 foiz, Sirdaryo va Xorazm viloyat Kengashlarida 23 foiz deputatlik o‘rinlarini partiyamiz vakillari egalladilar.

Xalq demokratik partiyasi tuman (shahar) Kengashlarida yanada muvaffaqiyatli natijalarga erishdi. Respublika bo‘yicha jami 4970 deputatlik o‘rnining 1023 tasi partiyamiz vakillariga nasib etdi, bu 20,5 foiz demakdir.

Tumanlar miqyosida tahlil qilinadigan bo‘lsa, Beshariq tumanida nomzodlarimiz 25 o‘rindan 10 tasiga ega bo‘lib, 40 foizlik marraga yetdi. Dang‘ara tumani, Paxtachi tumani, Uchqo‘rg‘on tumani, Namangan tumani, Boysun tumanlarida 36 foiz, Shumanay tumanida 35 foiz, Oltinko‘l, Yangiariq tuman Kengashlarida deputatlarimiz jami saylangan deputatlarning 32 foizini tashkil etdi. Bir qator tumanlarda deputatlarimiz 28-25 foiz o‘rinlarni egalladilar.

Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi tomonidan barcha hududlarda saylangan deputatlar uchun tashkil etilgan o‘quv seminarlarida deputatlar faoliyatini yaxshilashga doir aniq takliflar olmoqdamiz.

Ayniqsa, ustoz partiyamiz safidagi faxriylar ko‘p yaxshi fikr va takliflarini bildirishmoqda. Misol uchun, 84 yoshni qoralagan, mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan buyon deputatlik mas’uliyatini vijdonan bajarib kelayotgan, o‘z vaqtida Senat a’zosi bo‘lgan surxondaryolik deputatimiz Arziqul Soatov bugungi kun deputati qanday bo‘lishi kerakligi haqida juda muhim tavsiyalarni ilgari surdilar, ularga tengdosh, xuddi shunday tajribali deputat, Senat a’zosi, O‘zbekiston Qahramoni Shukurjon Mamatqulov xotiralar va tajribalariga asoslanib, jamiyatimizni rivojlantirish, yoshlarga ma’naviy ozuqa beruvchi “Hayot yo‘llari va o‘ylari” nomli qo‘llanma yaratdilar.

Bugungi kunda Xalq demokratik partiyasi a’zolarining 39 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan navqiron avlod tashkil etadi. Albatta, saylovlarda ular ham faol ishtirok etishdi. Misol uchun, 24 yoshli Bahrombek Sadilloyev Romitan tuman Kengashiga, 26 yoshli Husanov Shodonbek Quvasoy shahar Kengashiga, 27 yoshli Olimov Obloberdi Quva tumani Kengashiga deputat etib saylandi.

Mamlakatimizda ayollarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ayollar uchun ajratilgan kvotalar, ayollarni rahbarlik lavozimlariga kengroq jalb etishga qaratilgan siyosat, albatta, ijobiy natijalarini ko‘rsatmoqda. Bunga joriy yilgi saylov natijalari yaqqol misol bo‘la oladi.

Partiyamiz vakillaridan viloyat Kengashlari va Toshkent shahar Kengashiga saylangan jami deputatlar soni 149 nafar bo‘lib, ulardan 45 nafari, ya’ni, 30,2 foizi ayollardir. Tuman Kengashlariga saylangan jami 1023 nafar deputatlarimizning 325 nafari, ya’ni, 31,7 foizi muhtarama ayollardir. Yana shunday ajoyib misollarni keltirishimiz mumkin, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga saylangan deputatlarimizning teng yarmi ayollar, Mo‘ynoq, Bekobod tumanlarida esa bu ko‘rsatkich 100 foizga teng bo‘ldi.

Respublikamizning barcha hududlarida ayollar siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etayotganini saylov natijalari ko‘rsatmoqda. Bog‘ot tumanida 83,3 foiz, Yunusobod va Sergeli tumanlarida 80 foiz, Muborak, Kogon, Ohangaron tumanlarida 75 foiz deputatlarimiz ayollardir. Umuman olganda, deyarli barcha tumanlarda ayol deputatlarimiz 50 foizlik marrani egalladilar.

Yangi yil – “Atrof-muhitni asrash va «yashil» iqtisodiyot yili” bo‘sag‘asida turibmiz. Partiyamiz saylovchilar tomonidan “Xalqchil dastur”, deb baholangan Saylovoldi dasturini ijro etishga kuchli shijoat bilan kirishdi. Bu bo‘yicha Amaliy harakat dasturini qabul qildik. Saylovchilarga, xalqimizga berilgan va’dalarni yorug‘ yuz bilan bajarish niyatidamiz. Ezgu maqsadni amalga oshirishda partiyamizning barcha a’zolariga, xalq ishonchini qozongan deputatlarimiz faoliyatiga omad va muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Yangi yil ona xalqimiz, jonajon Vatanimiz, har birimiz uchun omadli va barakali yil bo‘lsin!

 

Maqsuda VORISOVA,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari.

«O‘zbekiston ovozi», 25.12.2024, №52

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish