Yangi tarkibdagi deputatlar saylanganiga ham ikki oy bo‘lib qoldi. Shu vaqt davomida partiyalar mahalliy Kengashlarda o‘z deputatlik guruhlarni tuzish bilan bir qatorda faoliyatni ham boshlab yubordi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi esa kelgusi 5 yilga mo‘ljallangan Harakatlar dasturini ishlab chiqdi. Uni joylarda tushuntirish, targ‘ibot ishlari ham olib borildi. Xususan, deputatlik birlashmalari bilan ishlash boshqarmasi har bir hududda deputatlar ishtirokida o‘quvlar o‘tkazdi. Qoraqalpog‘istonda boshlangan seminar bir oy davomida barcha viloyatlarni qamrab oldi. Sirdaryoda bo‘lib o‘tgan o‘quv ularning oxirgisi bo‘ldi.
Seminarda deputatlik faoliyatini to‘g‘ri va samarali tashkil etishga qaratilgan masalalarda so‘z yuritildi. Partiya Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova, boshqarma boshlig‘i Mavjuda Hasanova hamda hudud mas’ullari partiya dasturiy g‘oya va maqsadlarini hayotga tatbiq etish, elektorat manfaatlarini himoyalash, deputatlik birlashmalari hamda partiya tashkilotlari o‘rtasida tizimli hamkorlik olib borish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini, tajribalarini o‘rtoqlashdi.
Shuningdek, mahalliy Kengashlar deputatlari, hududiy partiya tashkilotlari xodimlarining takliflari, joylardagi holat bo‘yicha fikrlari o‘rganildi. Olingan tahliliy xulosalar asosida ish tashkil etishga kelishildi.
Sirdaryolik deputatlar o‘z hududidagi muammolar va ularning yechimi yuzasidan takliflarini bildirdi. Ish samaradorligini oshirish yuzasidan muhokamalar o‘tkazildi.
Muloqot tarzida bo‘lib o‘tgan seminarda islohotlar samaradorligi, aholi turmush farovonligini ta’minlash ko‘proq hududlarning tashabbusiga bog‘liq ekani tushuntirildi. Bu borada barchadan faollik talab etilishi ta’kidlandi. O‘z o‘rnida, sirdaryolik deputatlar jamiyat taraqqiyoti, saylovchilar ishonchini oqlashga xizmat qiluvchi har qanday tashabbusga tayyor ekanini qayd etdi.